Eron: zilzila oqibatida ikki kishi hayotdan ko'z yumdi, kamida 50 kishi jabrlandi

    Xuroson-Razaviy viloyatida sodir bo'lgan 5 magnitudali zilzila oqibatida kamida 50 kishi jabrlandi. Bu haqda Tasnim agentligi xabar berdi.

    Unga ko'ra, viloyatning bir qancha aholi punktlarida tinch aholi hamon vayronalar ostida qolmoqda, tezkor guruhlar ularni qutqarish ishlarini olib boryapti.

    Kashmer shahri merining bayonoti asosida IRNA axborot agentligi shahardagi binolardan birida yuz bergan o'pirilish oqibatida kamida ikki kishi hayotdan ko'z yumganini xabar qildi. O'z navbatida, Eron Qizil Yarim Oy Jamiyatining Xuroson-Razaviy viloyatidagi direktori favqulodda vaziyatlar hududiga 15 qutqaruv guruhi yuborilgani, hududdagi favqulodda xizmatlar bo'linmalari esa to'liq shay holatga keltirilganini ma'lum qildi.

    Avvalroq Yevropa-O'rtayer dengizi seysmologiya markazi Xuroson-Razaviy viloyatida 4,9 magnitudali zilzila sodir bo'lgani haqida xabar bergan edi. Unga ko'ra, yer silkinishlarining o'chog'i aholisi 96,1 ming kishiga yaqin bo'lgan Kashmer shahridan 3 kilometr shimoli-g'arbda, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan, deb xabar beradi tass.ru.