Ushbu asar Eronning “Soroush Publications” nashriyoti tomonidan besh yuz nusxada chop etildi.

Shuni taʼkidlash joizki, Amir Temur va Temuriylar hukmronligi yillari Turonzamindan tashqari qator oʻlkalarda, jumladan, Eronda ham katta ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilgan. Eron Ozod universiteti professori Akbar Rafeʼiy oʻz mamlakatida hayotga tadbiq etilgan ana shunday salmoqli islohotlarni kitobda batafsil yoritib berishga intilgan.

Akbar Rafeʼiy Temuriylar davrining tarixi boʻyicha eronlik taniqli mutaxassis, uzoq yillardan buyon bu yoʻnalishni birlamchi manbalar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olim sanaladi. Uning ushbu asari Turon va Eronning Temuriylar davridagi siyosiy-ijtimoiy tarixi boʻyicha olib borilgan tadqiqot mahsuli sifatida dunyo yuzini koʻrdi. Muallif mavjud eng muhim tarixiy manbalar asosida oʻz qarashlari va ilmiy xulosalarini ilgari surgan.

Temuriylar sulolasi hukmronligi ostida boʻlgan Turon, Ozarbayjon, Fors, Xuroson hududlarining siyosiy-harbiy holati, Mirzo Xalil Sultonning Samarqandda taxtga oʻtirishi va faoliyati, Shohruh Mirzo va uning vorislari Ulugʻbek, Abulqosim Bobur, Alouddavla, Sulton Abusaid Bahodurxon va Husayn Boyqaroning faoliyati asarning uchta bobida yoritilgan.

Muallif ushbu kitobda Temuriylar hukmronligi davridagi osuda hayot va oqilona siyosat ilm-fan, madaniyat va adabiyotning rivojlanishiga sabab boʻlganligini koʻrsatib bergan.

Akbar Rafeʼiy oʻz asarida taʼkidlashicha, Temuriylar zamoni Islom olami va Eron tarixida sanʼat va madaniyatning yuksalib, gullab-yashnagan davrlaridan biri boʻlgan. Amir Temur va uning vorislari, xususan, Shohruh Mirzo va Sulton Husayn Boyqarolarning Eron hududida hukmronligi davrini, shubhasiz, Madaniy Renessans (uygʻonish) davri, deb atash mumkin.

Shuningdek, ushbu asarda temuriy sultonlar va amirzodalarning eʼtibori bilan shaharlarda katta obodonchilik ishlari olib borilgani shaharlarning ravnaq topishiga sabab boʻlgani eʼtirof etilgan. Bundan tashqari, kitobda Temuriylarning oqilona diniy siyosati mazhab masalalaridagi birdamlikka xizmat qilgani, Eronda moʻgʻullar hukmronligi davrida jiddiy talofot koʻrgan shaharlar Temuriylar sulolasi vakillari - Shohruh Mirzo va Sulton Husayn Boyqaro davrida rivoj topgani singari muhim jihatlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.