баннер
27 Mar 2025
07:30

    Eronga qarshi oʻyinda Oston Oʻrunovning ham maydonga tushishi nomaʼlum

    Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze 2026-yilgi Jahon chempionati saralashi 3-bosqich “A” guruhi 8-turidan oʻrin olgan Eronga qarshi oʻyin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

    «Ertaga bizni qiziqarli oʻyin kutmoqda. Eronni ham, oʻzimizni ham qanaqa kuchga ega ekanimizni yaxshi bilamiz. Boʻlajak bahsga yaxshi tayyorgarlik koʻrdik. Eron terma jamoasini va mamlakat chempionatini yaxshi bilamiz. Ikkala jamoa oʻzaro koʻp marotaba bahs olib borgan, shuning uchun raqiblarimiz haqida ozmi-koʻpmi maʼlumotga egamiz. Eron chempionatida toʻp tepadigan futbolchilarimizdan ham raqiblar haqida kerakli maʼlumotlarni oldik», deydi mutaxassis.

    Shuningdek, Kapadze terma jamoaning oldingi va hozirgi avlodi oʻrtasidagi tafovut haqida gapirdi.

    “Jamoamizdagi avlodlarni solishtirmagan boʻlardim, oldingi avlod ham, hozirgi avlod ham kuchli. Hozirda eng yaxshi tarkibimiz bilan oʻynayapmiz va maqsadga yaqinmiz”, deydi murabbiy.

    “Oq boʻrilar” ustozi Masharipovning boʻlajak oʻyinda qatnashmasligi va Oʻrunovning ham maydonga tushishi soʻroq ostida ekanligiga toʻxtaldi.

    «Masharipov va Oʻrunovning terma jamoada oʻz oʻrni bor. Har ikki futbolchi ham termaga juda ham kerakli hisoblanadi, lekin bu futbol, ularning oʻrnini boshqa futbolchilar bilan toʻldiramiz. Ostonning jarohati bor, ammo ertangi oʻyinga tayyorgarlik koʻryapti. Uning holatiga qarab maydonga tushirish yoki tushirmaslikni oʻylab koʻramiz. Qolgan futbolchilarda jarohat yoʻq, hammasi joyida», deydi Kapadze.

    Maʼlumot uchun, Eron-Oʻzbekiston oʻyini 25-mart kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi. Bahsga Tehrondagi mashhur “Ozodiy” stadioni mezbonlik qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech