Eronlik rejissyor Oʻzbekistonda film suratga olmoqchi

    Madaniyat 1 Mart 2024 1725

    Oʻzbekiston elchisi Fariddin Nasriyev taniqli eronlik kinorejissyor, yozuvchi va “Tasvirsazan Setareh Soheil” studiyasi direktori Sirus Muqaddam bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida madaniyat, sanʼat, xususan kino sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mazkur yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Sirus Muqaddam soʻnggi yillarda Eron va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganini qayd etdi. Shuningdek, madaniy-gumanitar sohada oʻzbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.

    Eronlik kinorejissyor Oʻzbekistonda film suratga olish va kino sohasida mamlakatimiz vakillari bilan hamkorlik qilish istagini ham maʼlum qildi.

    Oʻzbekistonning kino sohasidagi salohiyati bilan yaqindan tanishish va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida “Tasvirsazan Setareh Soheil” studiyasi direktorining yurtimizga ijodiy safarini tashkil etish toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Sirus Muqaddam Eronning eng yetakchi kinoijodkorilar safida eʼtirof etiladi. U Eron televideniyesi uchun 30 tadan ortiq film va seriallar suratga olgan. Rejissyorning “Poytaxt” (2011-yil), “Maykl” (2015-yil), “Nargiz” (2006-yil) va “Och boʻrilar” (1991-yil) kabi filmlari tomoshabinlar oʻrtasida katta shuhrat qozongan.