Eronlik shifokorlar erkakning oshqozonidan 452 ta metall buyumlarni olib tashlashdi

    Eronning Ahvaz shahri shifokorlari 37 yoshli erkakning oshqozonidan jarrohlik yo'li bilan salkam uch kilogramm metall buyumlar va toshlarni olib tashlashdi.

    Bemor doimiy qorin og'rig'idan va tez-tez qayt qilishdan shikoyat qildi, amalda ovqat yeyish va ichish imkonsiz bo'lib qoldi. Rentgen tekshiruvi buning sababi oshqozon yo'lining yopilib qolgani ekanligini ko'rsatdi.

    Shifokorlar erkakning qorin bo'shlig'ini ochib, uning oshqozonidan 2,9 kilogramm metall buyumlar: 452 ta buyum, shu jumladan vintlar, gaykalar, kalitlar va toshlarni olib tashlashdi.

    Operatsiyadan so'ng erkak tezda o'ziga keldi. Biroq, uch kundan keyin bemorga psixoz tashxisi qo'yildi, bu holatda odamda reallik bilan aloqa yo'qoladi. Shifokorlarning fikricha, erkak kamida uch oy davomida metall buyumlarni yutgan.

    Shifokorlar metall buyumlar bemorning ovqat hazm qilish tizimining boshqa qismlariga tushmaganiga ishonch hosil qilish uchun bir qator qo'shimcha testlarni o'tkazishdi, deb xabar beradi mir24.tv.

    Odamning g'ayrioddiy ovqatlanishi, misol uchun, soch, qog'oz, qum iste'mol qiladigan holat allotriofagiya deb ataladi. Bu bolalarda va ayrim kattalarda sodir bo'ladi, ba'zida homilador ayollar allotriofagiya bilan og'riydi. Ba'zi hollarda ruhiy charchoq yoki temir yoki sink yetishmovchiligi bunga sabab bo'lishi mumkin. Biroq, yuqoridagi hodisa allotriofagiya bilan bog'liq emas, balki ruhiy kasallik oqibatidir, dedi shifokorlar.