Eronning Isroilga hujumi oqibatida Microsoft ofisiga zarar yetdi

    Eron Beer-Sheva shahridagi texnopark yaqiniga raketa zarbasi berdi, oqibatda yong'in kelib chiqdi, uylar va avtomobillarga zarar yetdi.

    20-iyunga o'tar kechasi Tehron bir necha kompaniyalar, jumladan Microsoft joylashgan Beer-Sheva texnoparki yaqinida ballistik raketa zarbasini berdi. Bu haqda The Times of Israel va CNN xabar bermoqda.

    Qayd etilishicha, Eron Isroil tomon kamida uchta raketa uchirdi. Ulardan ba'zilari Microsoft ofisi yaqinida avtomobillar joylashgan to'xtash joyiga qulab tushgan.

    Eronning zarbasi binoning oynasiga zarar yetkazdi. Shuningdek, portlashdan keyin kamida oltita avtomobil yonib ketgan. Qo'shni turar-joy binolari shikastlangan.

    Isroil mudofaa kuchlari Eron raketasini tutib olganini va yong'inga uning bo'laklari sabab bo'lganini da'vo qilmoqda.

    Beer-Sheva shahri Isroilning Nevatim aviabazasi joylashgan Negev cho'lida joylashgan. OAV ma'lumotlariga ko'ra, Eronning shaharga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 18 kishi jarohatlangan, deb xabar beradi korrespondent.net.