Eronning kamida to'qqizta raketasi Isroil havo bazalariga zarba berdi

    Eronning kamida to'qqizta raketasi Isroilning ikkita havo bazasiga zarba berdi, deb xabar bermoqda ABC News.

    “Eronning kamida to'qqizta raketasi Isroil havo mudofaa tizimini yorib o'tib, Isroilning ikkita havo bazasiga zarba berdi”, — deyiladi telekanal xabarida.

    Qayd etilishicha, beshta ballistik raketa Isroilning “Nevatim” aviabazasiga yetib borib, C-130 transport samolyoti, uchish-qo'nish yo'lagi va omborxonalarga zarar yetkazgan. Negev cho'lidagi Isroil havo bazasiga to'rtta raketa urilgan, biroq unga jiddiy zarar yetmagan.

    Eron davlat telekanali Press TV bir kun oldin Eron qurolli kuchlari yakshanbaga o'tar kechasi Isroilga hujumi chog'ida yettita gipertovushli raketa uchirgani, ularning birortasi ham Isroil havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan tutib olinmaganini ma'lum qildi. Shu bilan birga, CNN ikki amerikalik rasmiyga tayanib, avvalroq AQSh harbiylari Eronning Isroilga hujumi chog'ida 70 dan ortiq uchuqchisiz uchish qurilmalarini va kamida uchta ballistik raketani tutib olgani haqida xabar bergan edi. Isroil rasmiylari Eronning Suriyadagi konsulligiga hujum qilingani uchun javob operatsiyasida foydalanilgan raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlarining 99 foizdan ortig'ini tutib olganini ma'lum qildi.

    Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi yakshanbaga o'tar kechasi Isroil aviatsiyasi tomonidan Eronning Suriyadagi konsulligining aprel oyi boshida vayron qilinganiga javoban Isroil hududiga hujum uyushtirganini ma'lum qildi. Turli manbalarga ko'ra, hujumda bir necha o'nlab, yuzlab raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari ishtirok etgan.

    Isroil mudofaa kuchlari o'z qurolli kuchlari shay holatga kelganini ma'lum qildi. Pentagon Isroilni qo'llab-quvvatlashini aytdi, Eronning BMTdagi missiyasi esa buni Tehron va Tel-Aviv o'rtasidagi mojaro deb atadi va Vashingtonni “uzoq turishga” chaqirdi.

    Isroil havo kuchlari 1-aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron bosh konsulligi binosiga zarba bergandi. Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi ma'lumotlariga ko'ra, korpusning yetti nafar ofitseri, jumladan, ikki yuqori martabali bosh maslahatchi: Suriya va Livandagi “Quds” kuchlari qo'mondoni Muhammad Rizo Zohidiy va uning o'rinbosari, brigada generali Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok bo'lgan. Tehron javob berish huquqiga ega ekanligini bildirgandi, deb xabar beradi ria.ru.