“Oʻzbekistonda Eronning Oʻzbekistondagi Elchisi etib tayinlangan Muhammad Ali Iskandariy janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilishdan mamnunmiz, — deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram-kanalida. — Oʻzbekiston-Eron oʻzaro manfaatli hamkorligini kengaytirish boʻyicha ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oldidagi ustuvor vazifalarni muhokama qildik. Janob Elchiga mamlakatimizdagi faoliyati davomida muvaffaqiyatlar tilaymiz”.
Muhammad Ali Iskandariy 2019-yildan buyon Eronning Toshkentdagi elchixonasini boshqarib kelayotgan Hamid Nayrobodiy oʻrnini egalladi.
Yangi elchi 50 yoshda. Toshkentga tayinlanishidan oldin u Eron tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari maslahatchisi lavozimida ishlagan. Muhammad Ali Iskandariy ilgari TIV markaziy apparatida qator boʻlinmalarni boshqargan, shuningdek, Eronning Qozogʻiston va Ukrainadagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili sifatida faoliyat yuritgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.