Mazkur haftalik ilk bor “onlayn” platforma orqali oʻtkaziladi. “InnoWeek.uz-2020” Innovatsion gʻoyalar haftaligida 30 dan ziyod mamlakat, nufuzli xalqaro tashkilot va kompaniyalar vakillari, Avstriya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Italiya, Isroil, Rossiya, AQSH va boshqa mamlakatlarning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislari qatnashadilar.

“InnoWeek.uz-2020” Innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Xalqaro innovatsion-investitsion forum, Xalqaro innovatsion koʻrgazma, Robototexnika boʻyicha xalqaro musobaqa, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM) bilan hamkorlikda mintaqaviy seminar, Xalqaro yoshlar innovatsion forumi, Yevropa Ittifoqining “Yevropa ufqlari” ekspertlari ishtirokida vebinar, “Ishlanmalar banki” platformasi taqdimoti, “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash va “Ilm-fan va taraqqiyot” mavzuidagi eng yaxshi publitsistik maqolalar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur haftalikda ishtirok etish uchun InnoWeek.uz onlayn platformasiga kirish kifoya. Xalqaro innovatsion koʻrgazmaning “onlayn” platformasida mamlakatimiz va dunyoda yaratilayotgan ilgʻor ishlanmalar bilan tanishish imkoniga ega boʻlasiz. Xalqaro innovatsion koʻrgazmaning “onlayn” platformasida 83 ta stend boʻlib, shundan 30 tasi chet el kompaniyalarining stendlari hisoblanadi.

Xalqaro innovatsion koʻrgazmaning “onlayn” platformasi quyidagi 6 ta blokdan tashkil topgan boʻlib, A-blokda Innovatsion rivojlanish vazirligi, hamda uning tizimdagi tashkilotlari va mamlakatimizning yirik kompaniyalarining stendlari joylashgan. B-blokda ishlab chiqarish sohasiga mansub korxona va tashkilotlar hamda C-blokda sogʻliqni saqlash va sanoat sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar stendlari joy olgan. Oliy taʼlim muassasalari va Ilmiy tadqiqot institutlarining stendlari bilan tanishmoqchi boʻlsangiz, D-blokka kirishingiz talab etiladi. E-blokda Axborot texnologiya va yuqori texnologiyalar sohasiga oid kompaniyalarning stendlari bilan tanishishingiz mumkin. Qishloq va suv xoʻjaligi, Qurilish va arxitektura, hamda boshqa sohalarga tegishli boʻlgan tashkilotlarning ilgʻor texnologiyalarga asoslangan mahsulot va xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar F-blokda jamlangan.

Batafsil maʼlumotni www.innoweek.uz saytidan olishingiz mumkin.