Ertaga Chevrolet Cobalt uchun onlayn shartnoma ochiladi

    Juma, 21-iyun kuni, soat 10:00 da 25 ming dona Chevrolet Cobalt avtomobilining 2024-yilgi ishlab chiqarish hajmi uchun onlayn kontraktatsiya ochiladi.

    Bu haqda UzAuto Motors xabar qiladi.

    Taʼkidlanishicha, avtomobillarni xarid qilish uchun shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin.

    Telegram-bot hamda UzAvtosavdo ilovasi navbatni kuzatish xizmatini va mavjud avtomobillar haqida maʼlumotni taqdim etadi.

    Avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar boʻyicha toʻlov yetti kalendar kun ichida amalga oshirilishi lozimligi eslatib oʻtildi. Aks holda, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qoʻyiladi.

    Shu munosabat bilan UzAuto Motors avtoixlosmandlardan tuzilgan shartnomalar boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishlarini soʻradi.

    UzAuto Motors avtomobillarni sotib olish uchun boshqa resurslardan foydalanib shartnoma tuzishdan hamda firibgarlardan ehtiyot boʻlishdan ogohlandi.

    Savdo.uzavtosanoat.uz onlayn shartnoma tizimi barcha uchun mutlaqo bepul va tizimda hech kim uchun qandaydir alohida kirishni taʼminlaydigan imkon mavjud emas. UzAuto Motors shaxsiy maʼlumotlar uchinchi shaxslarga topshirilganda hech qanday javobgarlikni oʻz zimmasiga olmasligini maʼlum qildi.