5 iyun, yakshanba kuni Qozog'iston fuqarolari Konstitutsiyaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha qaror qabul qiladi. Soat 00:00 dan boshlab respublika referendumi uchun saylovoldi tashviqoti taqiqlandi. Ya'ni, jimlik kuni boshlandi, deb xabar beradi Kazinform.

— Referendum orqali odamlarga imkoniyat beriladi. Ya'ni, Asosiy qonunga o'zgartirishlar kiritish xalqning qo'lida. O'tmishga nazar tashlaydigan bo'lsak, mustaqillikka erishganimizdan keyingi 30 yil ichida referendum faqat bir marta o'tkazilgan. Ilgari Konstitutsiyaga o'zgartirishlar faqat parlament doirasida kiritilar edi. Hozirda Prezident Konstitutsiyaning 33 ta moddasiga o'zgartirish kiritishni xalqning ixtiyoriga qoldirmoqda. Xalq o'z taqdirini o'zi belgilaydi. Masalan, Shveytsariyada yiliga emas, har oyda 1-2 marta referendum o'tkaziladi. Demak, davlat har qanday masalada xalq bilan maslahatlashadi. Bizda esa 27 yil ichida birinchi marta o'tkazilmoqda, — degan  Qozog'iston Prezidenti huzuridagi Inson huquqlarini himoya qilish komissiyasi ekspertlar kengashi a'zosi Abzal Bekbosinov Kazinform muxbiri bilan suhbatda.

Qozog'iston parlamenti vakillari mamlakat Konstitutsiyasiga taklif etilayotgan o'zgartishlar va bo'lajak referendum nafaqat mamlakatning siyosiy tizimini, balki boshqa sohalarni ham rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishini ta'kidlamoqda.

— Konstitutsiyaviy islohot hokimiyat monopoliyasidan qochish va siyosiy raqobatni rivojlantirishga yordam beradi. Bu tashabbuslarning barchasi Qozog'istonni demokratik, huquqiy, adolatli va ijtimoiy davlat sifatida mustahkamlashga qaratilgan. Ma'lumki, bu boradagi ishlar Konstitutsiyaga kiritilgan o'zgartirishlar bilan to'xtab qolmaydi. Biz siyosiy tizimimizni isloh qilishni davom ettiramiz, — degan Parlament Senati raisi Maulen Ashimbayev.