Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.
Tanlovda tasviriy sanʼat, dizayn, grafika, illyustratsiya, reklama va boshqa turdosh sohaga oid bilim va tajribaga ega boʻlgan jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin boʻladi.
Dizayn konsepsiyasi va tematikasi quyidagilardan iborat:
- tarixiy va muqaddas qadamjolar;
- xalq qadriyatlari, madaniyati va tarixi;
- Oʻzbekiston milliy valyutasi;
- Buyuk Ipak yoʻli;
- sport sohasi;
- tabiat va hayvonot olami;
- milliy hunarmandchilik;
- erkin mavzu.
Tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqich doirasida dizayn muallif tomonidan chizilgan boʻlishi va boshqa ijodkorlarning avvalgi ishlarini qaytarmasligi kerak.
Dizayn doira ichida (logotip koʻrinishida) kompyuter grafikasidan foydalanib (CorelDraw, PhotoShop va Illustrator dasturlari) tayyorlanishi yoki A4 formatli qogʻozga qalam bilan tushirilgan boʻlishi hamda ularda tasvirlangan har bir element aniq koʻrinishi lozim.
Dizayn tanga yoki suvenir toʻplamlari avers (old tomoni) va revers (orqa tomoni) koʻrinishlardan hamda ularning qisqacha tavsifidan iborat boʻlishi kerak.
Tayyorlangan dizaynlar 2024-yilning 31-iyul kuni soat 23:00 gacha designmint@davlatbelgisi.uz elektron manzili, +998 94 210 12 18 Telegram kanali hamda “Davlat belgisi” kompaniyasining 100114, Toshkent shahri, Javaharlal Neru koʻchasi, 3-uy manzili orqali qabul qilinadi.
Bunda joʻnatiladigan ishlar muallifning ism-familiyasi, manzili, telefon raqami va elektron pochta manzili koʻrsatilishi kerak.
Kelib tushgan barcha dizayn loyihalari “Davlat belgisi”ning ishchi guruhi tomonidan oʻrganib chiqiladi va eng yaxshi 30 ta dizayn loyihasi saralab olinib, dizayn mualliflari roʻyxati eʼlon qilinadi.
Ikkinchi bosqich doirasida bundan oldingi bosqichda tanlab olingan 30 ta loyiha mualliflari “Davlat belgisi” mutaxassislari bilan dizaynlarga yakuniy ishlov berib, elektron fayllar EPS, AI, PDF, CDR tahrir qilinadigan raqamli vektor formatlaridan birida shakllantiradi.
30 ta dizayn loyihalari Markaziy bank komissiyasi muhokamasiga kiritiladi. Komissiya taqdim etilgan dizayn loyihalarini 5 ish kuni mobaynida oʻrganib chiqib, 15 ta gʻolibni tanlab oladi.
Gʻoliblar quyidagi tartibda pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
- 1-oʻrin uchun — 20 mln soʻm;
- 2-oʻrin uchun — 15 mln soʻm;
- 3-oʻrin uchun — 10 mln soʻm;
- 4−15 oʻrinlar uchun — har biriga 3 mln soʻmdan.
Mukofot pullari gʻoliblar eʼlon qilingan kundan 7 ish kuni mobaynida muallifning bank plastik kartasiga toʻlab beriladi. Tanlovda gʻolib boʻlgan 15 ta loyiha boʻyicha mualliflik huquqi mukofot puli toʻlangan vaqtdan boshlab “Davlat belgisi” tasarrufiga oʻtadi.
Mazkur loyihalar ichidan mavzuga doir yoʻnalish boʻyicha zarb qilinib, muomalaga chiqarilgan esdalik tangalari va suvenir toʻplamlari muallifiga qoʻshimcha bir marotabalik 10 mln soʻm miqdorida gonorar toʻlab beriladi.
Tanlov haqida qoʻshimcha maʼlumotlarnihavola orqali yokida 55 503 33 72 yoki 71 209 03 32 telefon raqamlari orqali olish mumkin.