Eshitish va koʻrish imkoniyati cheklangan hamyurtlarimiz Umraga joʻnatildi

    Kecha 40 nafar eshitish va koʻrish imkoniyati cheklangan vatandoshlarimiz Umra ibodatini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga yetib keldi.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Musulmonlar idorasi koʻmagida yuborilgan ziyoratchilar guruhi Jidda xalqaro aeroportida Bosh konsulxona xodimlari tomonidan kutib olindi.

    Vatandoshlarimizning oʻz ibodatlarini mukammal ado etishlari uchun “Uzbekistan airways” AK, Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi, “Marmara” shirkati va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻn kunlik Umra ziyorati dasturi ishlab chiqildi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, ushbu xayrli loyiha Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida imkoniyati cheklangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirish boʻyicha islohotlar samarasi hamda ular doimo davlat himoyasida ekanligini tasdiqlaydi.