Eski liftlarni yangilash uchun 850 mlrd soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi.
Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda koʻp kvartirali uy-joylardagi lift uskunalarining texnik holatini yaxshilash va aholiga xavfsiz sharoit yaratish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi doirasida liftlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning reyestri yuritiladi. Ushbu reyestrga tashkilotlarning liftlarni oʻrnatish va taʼmirlash faoliyati uchun berilgan ruxsatnomalar, ularning amal qilish muddati hamda xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi belgilangan.
Kelgusida mazkur platforma orqali respublikadagi koʻp qavatli uy-joylardagi barcha lift uskunalarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatdagi 5491 ta koʻp kvartirali uyda joylashgan 13 798 ta lift uskunasi toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Xatlov natijasiga koʻra, foydalanish muddati oʻtgan 2001 ta liftni yangilash va 382 tasini taʼmirlash zarurligi aniqlandi.
Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan jami 854,6 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. Ushbu chora-tadbirlar lift uskunalarining uzluksiz va xavfsiz ishlashini taʼminlash, avariyaviy holatlarning oldini olish, zamonaviy dispetcherlik xizmatini joriy etish va aholining hayot sifati hamda xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.









