Shunday muammolardan biri Samarqand shahri Ibn Arabshoh koʻchasida yashovchi T.Gulyamov bilan ham yuz berdi.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro 2021-yilning avgust oyida Samarqand shahridagi “Oriyent avtolizing” korxonasi bilan “Damas” avtomashinasini sotib olish uchun shartnoma tuzgan. Shartnomaga koʻra, avtomobil fuqaroga 2021-yilning oktyabr oyida yetkazib berilishi belgilangan.
Ammo nomaʼlum sabablarga koʻra avtomashina oʻz egasiga belgilangan vaqtda yetkazib berilmagan. T.Gulyamov belgilangan 40 628 000 soʻmni oʻz vaqtida toʻlagan boʻlsa-da, avtomashinani ham, toʻlagan pulini ham ololmay sarson boʻlgan.
Muammoga yechim topish maqsadida isteʼmolchi 2022-yilning 22-fevralida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoni orqali murojat qilgan. Uning murojaat federatsiyaning Samarqand shahri jamiyati xodimlari tomonidan vakolat doirasida oʻrganib chiqildi. Natijada isteʼmolchiga avtoulov uchun toʻlagan 40 628 000 soʻm mablagʻ toʻliq qaytarib olib berildi.