Eski shahar bo'ylab sayr

    O'zbekiston Badiiy akademiyasining markaziy ko'rgazmalar zalida grafik rassom Yevgeniy Panovning shaxsiy ko'rgazmasi ochildi.

    Mazkur vernisajda rassomning keyingi bir necha yilda akvarelda ishlangan, asosan Toshkent, shuningdek, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarning oʻz davri arxitekturasi va hayotini eslatuvchi tarixga aylanib borayotgan tor koʻchalari, quyosh nuri tushib turgan eski uylar, vaqtning taʼsirida qovjiragan derazalar, muyulishlar, eski shaharning hovlilari, uylarning balkonlari aks etgan.

    Rassomning taqdim etgan “Navoiy koʻchasida”, “Eski deraza”, “Eski uy”, “Toshkentning tor koʻchasi”, “Novomoskovskaya”, “Mening sevimli derazam”, “Yoʻl”, “Eski uy eshigi”, “Chirchiqdagi uy”, “Eski shahar”, “Buxorodagi koʻcha”, “Eski uy. Xiva”, “Eski balkon” va boshqa qator ijod namunalari tomoshabinni mulohazaga chorlaydi.

    Ekspozitsiyadan oʻrin olgan 36 ta ijod namunasi keyingi bir necha yilda, ulardan 30 ga yaqini esa joriy yilda ishlangan.

    Koʻrgazma joriy yilning 22-dekabrigacha davom etadi.

    Hasan Abdunazarov