Etibor va gʻamxoʻrlik – insoniy burch

    Voqea-hodisalar 9 May 2021 1482

    Inson qadri ulugʻlangan, xotirasi sarbaland yurtda yashaymiz.

    Bugunimiz kechagi kundan yorugʻ, ertamiz yana-da fayzli, barakotli boʻlishiga ishonchimiz komil. Navqiron avlod eʼzozda, eʼtiborda, yoshi ulugʻlar ehtiromda. Xalqimiz ozod, yurtimiz obod. Shunday aziz Vatanda yashamoqlik, uning buyuk kelajagi yoʻlida mehnat qilmoqlik beqiyos baxt.

    9-may – bu urushlarda qurbon boʻlgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga taʼzim qiladigan, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qilgan nuroniylarga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatiladigan kundir. Bunday kunlarda bugungi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, toʻkinlik va farovonlikka qanday ogʻir yoʻqotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani hayolimizdan oʻtadi. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini teranroq anglaymiz.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5081-sonli qarorini ijrosini taʼminlash hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan xalqimizning jang maydonlaridagi, urush fronti ortidagi qaxramonligi va fidokorona mehnatlarini qadrlash va ularni holida xabar olish maqsadida, joriy yilning 7-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi va Yangihayot tumani hokimligi bilan hamkorlikda Yangihayot tumanida istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida xizmat qilgan bir qator vatandoshlarimizni holidan xabar olindi.

    Jumladan, Soy Aleksandr, Agzamov Sadik, Alekseyeva Mariya, Gumirova Samiya, Maxmutshina Nasima, Gabrelyan Asya, Krist Nina, Xakimov Madamin, Ruzova Valentina, Zayceva Klavdiya, Abenova Seydin, Yusupova Minovvar, Rixsi Kruglova, Anna Semenovna, Barabashina Tatyana, Marozova Zinayida, Boyarinsova Dina, Kim Tatyana, Mirzabekova Sharafat, Xusnutdinova Maryam va Izmaylova Maryamlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ularning qalblariga bir olam quvonch ulashildi shu bilan birga xotiralarida oʻchmas iz qoldirgan sovuq urush kunlaridagi voqealarni yod etib, yoshlarimizni bugungi dorulamol kunlarning shukronasini qilishlarini bot-bot taʼkidlashdi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, shu kunlarda barchamiz oʻz insoniy burchimizni ado etib, bugungi tinch hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun jang maydonlarida jon berib urushdan qaytmaganlarni yod etamiz, ularning ruhlarini shod etib, oʻchmas xotirasi oldida bosh egamiz va ularning qahramonliklaridan faxrlanamiz.

    Zero, yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir kishi, ayniqsa, yosh avlod mana shu bayram timsolida yoshi ulugʻlarni qadrlash, saxovatga muhtoj kishilarga koʻmaklashish kabi chin fazilatlarni qalbiga singdirmoqda.

    Farhodjon XOJAYEV,

    Akademiya katta oʻqituvchisi,

    kapitan.