Etim bolalar va ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning ijtimoiy himoyasi bo'yicha Hukumat qarori imzolandi

    Ijtimoiy hayot 24 Noyabr 2020 2231

    Hukumatning "Etim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori (739-son, 21.11.2020 y.) qabul qilindi. 

    Qarorga ko'ra, etim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar ta'lim muassasalari (davlat tarbiya, davolash-sog'lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalari, akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar)da, shuningdek, OTMda ta'lim-tarbiya oladigan muddatda to'liq davlat ta'minotida bo'ladi.

    Ta'lim muassasalarida o'quvchilarning shaxsiy xarajatlari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida (446 ming so'm) pul mablag'lari to'lanadi.

    To'liq davlat ta'minoti pul nafaqalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar bilan ta'minlash, shuningdek, transportda yurish kartochkalaridan iborat bo'ladi.

    Davlat ta'minotida bo'lgan bolalarga ta'lim muassasasini bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish uchun BHMning 100 baravari (22 mln 300 ming so'm), yo'l xarajatlari uchun BHMning 5 baravari (1 mln 115 ming so'm) miqdorida bitiruv nafaqasi beriladi.