Prezidentning 11.02.2019-yildagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-4185-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da kuchaytirish maqsadida:
XTV, OOʻMTV hamda Moliya vazirligining yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tarbiya, davolash-sogʻlomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarida hamda ularni tamomlagandan soʻng akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar, shuningdek oliy taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya oladigan muddatda toʻliq davlat taʼminotida boʻlishi toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik beriladi. Toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalarga ularning shaxsiy xarajatlari uchun har oyda 2 BHM miqdorida pul mablagʻlari toʻlanadi.
Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish uchun 100 BHM miqdorida, transportda yurish kartochkalarini olish uchun 5 BHM miqdorida pul nafaqasi beriladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda taʼlim olayotgan toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni pul nafaqalari hamda oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- “Mehribonlik” uyi toʻgʻrisidagi nizom;
- Bolalar shaharchasi toʻgʻrisidagi nizom;
- Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisidagi nizom.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 21.11.2020-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.