Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi soʻl qanot partiya sifatida muhtojlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy holatidan qatʼiy nazar, bolalar uchun teng imkoniyat yaratish zarur, deb hisoblaydi. Partiyamiz dasturida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlari himoya qilinishi lozimligi belgilab qoʻyilgan. Mazkur yoʻnalishdagi amaliy ishlar holati qandayligi borasida hududlarda oʻrganishlar olib borib, muammolarni hal qilish boʻyicha mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda.
Partiyaning Qashqadaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan “Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoyalash tizimini takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazdi.
Qayd etilishicha, viloyatda bugungi kunda 5879 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar istiqomat qiladi. Joriy yilda 2060 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga qonuniy vakillar biriktirilgan. Hozirda 174 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olmoqda.
Masʼullarning keltirishicha, bu yil viloyatda 48 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joylar berilgan.
Viloyat bolalar uyida tarbiyalanib kelayotgan bolalarning oilasini surishtirish natijasida 12 nafar bola ota-onasiga, oilaviy hayotga qaytarilgan. Ota-onasiga yoki yaqin qarindoshlariga qaytarilgan bolalarning holati har oyda monitoring qilinib, yordam koʻrsatilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, 14-23 yosh oraligʻida boʻlgan yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarning 1407 nafariga “Individual integratsiya rejasi” asosida xizmatlar rejasi shakllantirilgan.
Suhbat davomida partiya faollari, deputatlar ayrim masalalarga eʼtibor qaratdi.
Xususan, “Mehr” daftari orqali mablagʻ ajratish boʻyicha 13 ta yoʻnalishdan 10 tasi ishga tushgani, ammo bu borada natijadorlikni oshirish zarurligi qayd etildi. Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga yordam koʻrsatish boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish va hal qilish borasida ayrim sustkashliklarga yoʻl qoʻyilmoqda.
Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirish uchun tayyorlanish xarajatlarini qoplash haqidagi 26 ta murojaatning, oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlash uchun asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish tarzidagi ijtimoiy yordamni koʻrsatish borasidagi 35 ta murojaatning hal qilinishi boʻyicha deputatlik nazorati oʻrnatiladigan boʻldi.
Xalq demokratik partiyasi deputatlari ota-ona qarovisiz qolgan voyaga yetmaganlarni oʻz vaqtida aniqlash ishlarini tashkil etish boʻyicha mutasaddi tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish taklifini qoʻllab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan taʼlim olayotgan va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan bolalar haqida “Inson” markazlariga tezkorlik bilan xabar berilishini tashkil etish borasida masʼuliyatni kuchaytirish zarur.
Shuningdek, vasiylikka, homiylikka, patronatga va oilaviy bolalar uylariga olingan bolalarni turli toʻgaraklarga jalb etish va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish boʻyicha Yoshlar ishlari agentligi, madaniyat va bandlik boshqarmalari bilan doimiy ishlash lozim.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish borasida masʼul idoralar, mutasaddi tashkilotlar bilan doimo hamkorlikka tayyorligi maʼlum qilindi.










