YeTTB bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi

    Moliya 27 Sentabr 2022 904

    Joriy yil 27-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev YeTTB vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuvda, shuningdek, YeTTB Bosh kotibi Koguchi Kazuxiko, Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston boʻyicha YeTTB boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay va YeTTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etdi.

    Suhbat davomida mazkur moliya muassasasi va Oʻzbekiston oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlardagi hamkorlikni chuqurlashtirishning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Xususan, soʻnggi ikki yil ichida YeTTB tomonidan kiritilgan mablagʻlar boʻyicha mintaqa davlatlari orasida Oʻzbekiston birinchi oʻrinda va 2021-yilda YeTTB tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalar yoʻnalishlarining beshligida ekanligi taʼkidlandi. Tomonlar, shuningdek, YeTTBning 2018-2023-yillarga moʻljallangan Mamlakatlar strategiyasining Yangi Oʻzbekistonni 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi bilan muvofiqligini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Strategiyada xususiy sektorni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik va integratsiyani kengaytirish, ekologik toza energiya va resurs yechimlarini ilgari surish kabi yoʻnalishlar aks etgan.

    Investitsiyaviy hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, 2018-yildan to hozirgi kungacha YeTTB Oʻzbekistonda energetika, suv taʼminoti va qattiq chiqindilarni qayta ishlash yoʻnalishlarini rivojlantirish sohalarida 13 ta loyihani amalga oshiryapti. Bundan tashqari, ishlab chiqilayotgan yangi investitsiya loyihalari portfeli umumiy qiymati 924 million dollardan ortiq 8 ta loyihadan iborat. Tomonlar joriy va yangi loyiha tashabbuslarini jadal rivojlantirish boʻyicha keyingi hamkorlik formatini belgilab oldilar.

    Oʻzbekistonda davlat korxonalarini xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirish kabi ustuvor iqtisodiy va tarkibiy islohotlarni YeTTB tomonidan qoʻllab-quvvatlash istiqbollari muhokama etildi. Mavzu boʻyicha olib borilgan muzokarada Bank rahbariyati mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlarning izchilligi va oʻz vaqtidaligini yuqori baholab, ularni roʻyobga chiqarish borasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

    Tomonlar, shuningdek, xalqaro tadbirlarni, jumladan, 2023-yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan YeTTB Boshqaruvchilar Kengashining yillik yigʻilishini yuqori tashkiliy darajada oʻtkazishga tayyorgarlik masalalarini ham koʻrib chiqdilar. Tadbirlarni eng yuqori tashkiliy va mazmun jihatidan yuksak darajada oʻtkazish maqsadida YeTTB texnik missiyasi bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.