Yetti iqlim talabgor boʻlayotgan Oltiariq uzumlari!

    Agrosektor 18 Iyul 2021 5451

    Fargʻona viloyati Oltiariq tumani oʻz uzumchilik maktabini yaratgan hudud sifatida tanilgan.

    Viloyatdagi 7 834 gektar uzum bogʻlaridan 1 498 gektari aynan Oltiariq tumanida joylashgan. 2021-yilda kutilayotgan 153 880 tonna uzum hosilining 43 784 tonna qismi ham Oltiariq tumanida yetishtirilishi rejalashtirilgan.

    Yana bir eʼtiborli jihat kuni kecha Fargʻonada boshlangan uzum eksportida ham oltiariqlik mehnatkashlar tashabbusni qoʻlga oldi.

    Chunki, Oltiariq uzumlariga xorijiy davlatlarda talab katta boʻlyapti. Shuning uchun ertapishar uzum turlari pishib yetilishi bilanoq xorijga eksport qilish boshlab yuborilgan. Eksport jarayonlari qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston hamda Rossiya, Ukraina, Polsha kabi davlatlarga qaratilgan.

    Xususan, Murodjon Husanovga tegishli 500 tonna sigʻimga ega sovutgichlarda yigʻilgan uzumlar yuk avtomobillariga ortilib, eksportga tayyorlanayotganiga guvoh boʻldik.

    “Bu gal qozogʻistonlik xaridorlarga mahsulotlarni yetkazib bermoqchimiz. Muhimi koʻplab yurtdoshlarimiz mavsumda ish bilan band”, — dedi ish yurituvchi Muzaffar Musayev.

    Yangiarab qishlogʻida yashovchi 80 yoshni qoralagan Ibrohim ota Yoʻldoshev yaratgan bogʻ koʻrgan koʻzni yashnatadi. Havasingizni keltiradi.

    Otaxonning esa har bir soʻzi hikmat. Oʻtayotgan kunga shukronalik, ertangi kunga umid bilan toʻlib toshgan. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar keksalarimiz orzu-istaklariga hamohang tarzda kechayotgani yana-da quvonarli. Ibrohim ota Yoʻldoshev kabi mehnatkash, fidoyi bogʻbonlar yaratgan “Fargʻona tajribasi”, Oltiariq uzumchilik maktabi elimiz dasturxoni toʻkin, xalqimiz turmush sharoitlari farovon boʻlishiga xizmat qilyapti.

    Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.