IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo'l harakati xavfsizligi xizmati ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning etti oy davomida respublika hududida 4 772 ta YTH qayd etilgan. Shundan 2 453 tasi yoki 51,4 foizi sub'ektiv sabablarga ko'ra sodir etilgan, ya'ni haydovchilar yo'l harakati qoidalariga e'tibor bermasligi oqibatida kelib chiqqan.
O'tgan etti oyda O'zbekistonda yo'l-transport hodisalari natijasida 1 115 kishi halok bo'lgan, 4 ming 564 nafari turli tan jarohatlari olgan.
Shundan – yo'l-transport hodisalarida halok bo'lganlarning 1 078 nafari yoki 96,7 foizi xavfsizlik kamarini taqmagan. Soha mutaxassislarining fikricha, agar orqada o'tirgan yo'lovchilar xavfsizlik kamarini taqqan bo'lganida oldingi o'rindiqlarda o'tirgan yo'lovchilarning ko'pchiligi avtohalokatda omon qolishi mumkin edi. Ularning so'zlariga ko'ra, agar orqadagi yo'lovchilar kamar taqmagan bo'lsa, YTH vaqtida oldingi o'rindiqda o'tirgan yo'lovchining halok bo'lish ehtimoli besh barobar ortadi.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo'l harakati xavfsizligi xizmati statistik ma'lumotlariga ko'ra, YTH turlari bo'yicha sabablar etib piyodalarni urib yuborish, avtomashinalar to'qnashuvi va boshqalar keltirilgan.
Birgina Toshkent shahar IIB ma'lumotlarida aytilishicha, joriy yilning o'tgan etti oyida poytaxtda 675 ta yo'l-transport hodisasi qayd etilgan. Hodisa oqibatida 71 kishi halok bo'lgan, 787 kishi turli tan jarohatlari olgan. Baxtsiz hodisalarning eng keng tarqalgan sababi tezlikni oshirish bo'lgan — 199 ta holat. Haydovchilar tomonidan 90 ta holatda taqiqlovchi svetofor ishorasiga e'tibor bermaslik, mast holatda haydovchilar ishtirokida 8 ta YTH sodir etilgan.