Akademiyamizda ham yangi oʻquv yilining ilk saboqlari “Mustaqillik soatlari”dan boshlandi.
Vatan mustaqilligi, yurt ozodligi borasidagi tarixiy haqiqatlar, mamlakatimiz tinchligi uchun jonini fido qilgan yurtdoshlarimizning metin irodasi haqida soʻz borar ekan, millat shaʼnini koʻksingda koʻtarib yurmoq va ishonchli qoʻllarga topshirmoqning sharafli masʼuliyati haqida oʻyladim.
Respublikamizning turli viloyatlaridan oʻqishga hujjat topshirib, bugun talabalik maqomiga erishgan boʻlajak shifokorlarni har tomonlama yetuk kadrlar etib tayyorlashimiz kerakligini yana bir bor his qildim. Zero, ular oʻzlarining ilmiy salohiyati, orttirgan tajribasi bilan bemor umrini uzaytirishga, salomatligini tiklashga hissa qoʻshishi lozim.
Shuni tan olishimiz kerakki, yurtimizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining moddiy-texnik bazasi xalqaro standartlarga mos kelmaydi. Oʻquv binolarimiz, oʻquv xonalarimiz va laboratoriyalarimiz zamon talablari darajasida emas. Istalgan natijaga erishishimiz uchun rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribalaridan eng munosiblarini tibbiy taʼlim tizimiga kiritishimiz kerak.
Shuningdek, bugungi kunda tibbiyot sohasida yuqori malakali mutaxassislar yetishmayapti. Shu sababli oliy tibbiy taʼlim sohasidagi asosiy yoʻnalishlardan biri nazariy bilimlarning tegishli darajasini saqlab qolgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning amaliy yoʻnalishini sezilarli darajada kuchaytirishdir.
Zero, innovatsion taʼlim texnologiyalarining oʻquv jarayoniga joriy etilishi Oʻzbekiston Respublikasida sogʻliqni saqlashning raqobatbardoshligini oshirishga qodir yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan talabni belgilaydi.
Tibbiyot oliygohlari bitiruvchilariga integrirlashgan nazariy va klinik bilimlar, koʻnikmalarni singdirish, yuqori tibbiy texnologiyalarni oʻzlashtirishda yordam berish va boʻlajak shifokorda ijtimoiy moslashuv qobiliyatini shakllantirish orqali talabalarda kuchli motivatsion munosabatlar, chuqur ixtisoslashuv, intellektual va shaxsiy imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish va yetuk tibbiyot xodimini tayyorlash mumkin boʻladi.
Afsuski, bugun tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari yuqori texnologiyali, innovatsion uskunalarda ishlash uchun amaliy koʻnikmalarga ega emaslar. Koʻpincha ular nazariya bilangina cheklanadi. Faqat bir qator yosh shifokorlar chet el klinikalarida yoki taʼlim muassasalarida oʻz malakalarini oshirishi mumkin, chunki ularning narxi ancha yuqori. Shifokorlar olingan koʻnikmalarini doimiy ravishda amalda qoʻllashi lozim.
Amaliy darslarda talaba yodlangan matnni shunchaki qayta aytib bermasligi, balki amaliy muammolarni hal qilishni oʻrganishi kerak. Talabalarning vazifasi oʻqituvchi-murabbiy va maslahatchi yordamida mustaqil ravishda oʻqishdir. Tibbiyot oliygohi oʻqituvchisining vazifasi esa talabalarning mustaqil faoliyatini aniq tashkil etish va unumli boshqarishdir. Agar talaba mustaqil ravishda bilim olishni oʻrganmasa, undan oʻz faoliyatini toʻgʻri tahlil qila oladigan va tanqidiy mushohada qilishga qodir shifokor chiqmaydi.
Amaliyot oʻtaydigan va shifokorlar malakasini oshiradigan dunyodagi koʻplab tibbiyot universitetlari va yetakchi klinikalarida simulyatsion uskunalar va texnik xarakteristikalari haqiqiy bemorga maksimal ravishda yaqinlashtirilgan robot-patsiyentlar oʻrnatilgan. Ularda talabalar bilim darajasini baholash va barcha yoʻnalishlardagi shifokorlarni akkreditatsiya qilish tizimi joriy qilingan.
Simulyatsiya – bu real jarayonning bajarilishi yoki tizimning maʼlum vaqt davomida ishlashiga taqlid qilishdir. Simulyatsiya koʻplab sharoitlarda, masalan, ishlashni optimallashtirish texnologiyasini simulyatsiya qilish, xavfsizlikni loyihalash, sinovdan oʻtkazish, oʻqitish, taʼlim va video oʻyinlarda qoʻllaniladi. Tibbiy mutaxassislarni nazariy va klinik tayyorlash jarayonida shaxslararo muloqot, klinik fikr yuritish va rejalashtirish kabi koʻnikmalardan ham foydalaniladi.
Amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtirish va mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirish uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshida zamonaviy robot simulyatorlar bilan jihozlangan simulyatsion taʼlim markazi tashkil etildi. Toshkent tibbiyot akademiyasida talabalar 1-bosqichdan boshlab simulyatsion markazda taʼlim olishadi, u yerda bemorlarni parvarish qilish koʻnikmalarini oʻzlashtirish uchun alohida xonalar mavjud. Katta kurs talabalari va magistrlarga oʻquv dasturiga muvofiq tibbiy manipulyatsiya, yurak-oʻpka reanimatsiyasi asoslari, birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish, akusherlik koʻnikmalari, bolalarga yordam berish koʻnikmalari, urologiya, onkologiya, otorinolaringologiya, oftalmologiya, endoxirurgiya (laparoskopiya, gisteroskopiya) boʻyicha alohida xonalar tashkil etilgan.
2020-2021 oʻquv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasida birinchi marotaba davolash va tibbiy pedagogika yoʻnalishlari 6-kurs talabalarining yakuniy davlat imtihonlari simulyatsion markazda boʻlib oʻtdi. Bitiruv imtihonlarida inson omilining rolini pasaytirish bitiruvchilar oʻrtasida stressning kamayishiga va obyektiv baholashga olib keldi.
Respublikamiz uchun simulyatsion oʻqitish yangi soha ekanligini inobatga olgan holda TTA maʼmuriyati Rossiyaning ROSOMED kompaniyasi (Rossiyada tibbiyotda simulyatsion taʼlim jamiyati) bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi. 2021-yil 28-maydan 5-iyungacha TTAning 124 nafar xodimi I.M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti fundamental tibbiyot fakulteti Klinik modellashtirish va manual koʻnikmalar kafedrasi tomonidan tashkil qilingan simulyatsion oʻqitish boʻyicha onlayn kurslarda ishtirok etdi. Treningni yakunlab, test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan 70 dan ortiq oʻqituvchi xalqaro sertifikatga ega boʻlishdi. 2021-yil 11-iyun kuni TTAda xalqaro ekspertlar ishtirokida simulyatsion oʻqitish texnologiyalari boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi mamlakatimizdagi boshqa tibbiyot oliy oʻquv yurtlari singari simulyatsion taʼlim boʻyicha endi birinchi qadamlarni qoʻymoqda. Ushbu tizimni yanada takomillashtirishimiz va rivojlantirishimiz lozim. Shuningdek, Oʻzbekiston tibbiyotining kelajagi bitiruvchilarimizning sifatiga bogʻliqligini toʻla anglagan holda barcha amalga oshirayotgan va rejalashtirayotgan ishlarimiz zamirida tibbiyot oliy taʼlim dargohlarida taʼlim sifatini oshirish maqsadi mujassam.
A. SHODMONOV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori