Ularga qarshi keskin kurashish, murakkab vaziyatlarning oldini olish va iqtisodiy inqiroz choralarini yumshatish maqsadida davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, Prezidentimizning 2 ta muhim Farmoni imzolandi va hukumatning tegishli choralari belgilangan.
Xabaringiz bor, bu jarayonda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulki uchun ijara, investitsiya majburiyatlarining bajarilishi, bankrotlik va xususiylashtirishdagi xarid to'lovlari kabi masalalarda tadbirkorlar bilan elkama-elka turib, olib borilayotgan siyosatni, yaratilayotgan sharoitlarni ularga tezkor etkazib, masalalarning ijobiy echimida ko'makchi bo'lmoqda.
eng muhimi, bugun bu ishlar markaziy apparat va hududiy boshqarmalar kesimida mamlakatimizdagi karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan holda “Uyda qoling” tamoyili asosida masofadan turib bajarilmoqda. Agentlikda maxsus onlayn shtab tuzilib, tadbirkorlik sub'ektlari vakillarining dardini eshitadigan, ularning murojaatlarini tezkor va samarali echishga xizmat qiladigan qisqa 1082 va ishonch raqamlari yo'lga qo'yildi. Tadbirkorlar va aholidan bir necha yuzlab murojaatlar kelmoqda.
Jumladan, 13 aprel` holatiga ko'ra, jami kelib tushgan murojaatlar soni 2 428 tani tashkil etdi. Ularning 57 tasi aynan davlat mulkining ijarasi, bankrotlik, xususiylashtirish, investitsiya majburiyatlari va “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi yo'nalishlariga tegishlidir. Qolgan murojaatlar esa davlat xizmatlari, mahalla fuqarolar yig'inlari, hokimliklar, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish, sog'liqni saqlash, telekommunikatsiya, kredit, bozorlardagi narx-navo kabi masalalar bo'lib, ularning ham ijobiy echimida fuqarolarga qaerga murojaat qilishlari yuzasidan tegishli maslahatlar berib kelinmoqda.
Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi tarqalishi munosabati bilan bir qancha sohalar faoliyati to'xtatilgan. Ular orasida davlat mulkini ijaraga olib ishlatayotgan tadbirkorlar ham bor. Prezidentimizning tegishli farmoniga ko'ra, mazkur tadbirkorlik sub'ektlari karantin davrida foydalanmagan muddati uchun ijara to'lamaydi.
Agentlik tomonidan ushbu yo'nalishda jami 12 500 dan ortiq davlat mulki ob'ektini ijaraga olgan tadbirkorlar bilan birma-bir gaplashib chiqildi. Ularning murojaatini engillashtirish maqsadida elektron arizalar nusxalari tayyorlandi va jo'natildi. Natijada joriy yilning 9 aprel` holatiga ko'ra, 9979 ta tadbirkorni karantin davri uchun (ta'lim tizimi, turizm, maishiy xizmat turlari va boshqa sohalarda) shartnomada keltirilgan to'lovlardan ozod etish bo'yicha tegishli qaror qabul qilingan.
Bundan tashqari, karantin sababli 157 ta tadbirkor E-ijro auktsion savdolari orqali ijaraga olingan davlat mulki uchun tuziladigan shartnomani rasmiylashtirish muddatini (20 kun) uzaytirib berishni so'ragan. Bu masalani ham echish choralari ko'rilmoqda. Bundan tashqari “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida o'tkazilgan savdo natijalari to'g'risidagi bayonnomalar elektron tarzda QR-kod (matrik shtrixli kod) qo'llanilgan holda rasmiylashtirilishi va g'olibga elektron tarzda etkazilishi yo'lga qo'yilmoqda. Ushbu QR-kodli bayonnoma egalik (yoki foydalanish) huquqini rasmiylashtirishga asos bo'ladi.
Bugungi kunda davlat aktivlariga investitsiya kiritayotgan 1 320 ta investor bilan birma-bir gaplashib chiqildi. Ularning muammolari o'rganildi. SHundan 330 dan ortiq investor pandemiya sababli investitsiya majburiyatlarini o'z vaqtida bajara olmasliklari ehtimoli borligini aytib, shartnoma muddatlarini uzaytirishni so'ragan. Hududlar kesimiga e'tibor qaratsak, eng ko'p murojaatlar Andijon (51 ta), Buxoro (50 ta), Farg'ona (43 ta), Toshkent viloyatida (38 ta), Qashqadaryo hududida esa, (24 tani) tashkil etmoqda.
Ko'rilgan tezkor choralar natijasida Inqirozga qarshi kurashish Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga ko'ra, mazkur shartnomalar muddatlarini uzaytirish choralari ko'rildi.
SHu bilan birga iqtisodiy nochor korxonalarga nisbatan bankrotlik ishini qo'zg'atish to'g'risida arizalar ko'rib chiqilishini 2020 yil 1 oktyabrga qadar to'xtatish va bankrotlik taomillari olib borilayotgan korxonalarda bankrotlik ishlarini vaqtincha to'xtatib turishni so'rab Oliy sud, Davlat soliq qo'mitasiga murojaat qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sud rayosati qaroriga asosan iqtisodiy sudlarda bankrotlikka doir ishlarni ko'rish to'xtatilgan.
SHuningdek, aktsiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, aktsiyadorlarning umumiy yig'ilishlari, kuzatuv kengashlari yig'ilishlarining shaffofligi va masofadan turib o'tkazilishini ta'minlash, aktsiyadorlar va Kuzatuv kengashlari a'zolariga qulaylik yaratish, kun tartibidagi masalalar bo'yicha qaerda bo'lishidan qat'iy nazar ovoz berish maqsadida “eVOTE – elektron ovoz berish” yagona platformasi yaratildi va ayni damda sinovdan o'tkazilmoqda.
Mo'min IBODOV,
Davlat aktivlarini boshqarish
agentligi axborot xizmati rahbari