Unda Yevropa Ittifoqining 28 ta aʼzo mamlakati va birinchi marta Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etdi. Mamlakatamiz nomidan tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) delegatsiyasi qatnashdi.
Uchrashuvda oʻzbek delegatsiyasi 2021-yilda GSP+ benefitsiar maqomini olganidan buyon amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etdi. Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida Yevropa Ittifoqiga eksport qariyb uch baravarga oshib, 1,15 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, 6 200 dan ortiq imtiyozli tovar turidan 1 100 ga yaqin mahsulot, jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, toʻqimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari uchun barqaror eksport yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekistonning ulkan eksport salohiyatini inobatga olgan holda, delegatsiya GSP+ doirasida imtiyozli tovarlar roʻyxatini yangi uzilgan mevalar va sabzavotlar bilan kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, mavsumiy eksport kvotalarini qayta koʻrib chiqib, ularning muddatini uzaytirishni tavsiya etdi. Bu mahsulotlar yetkazib berish barqarorligini taʼminlab, Yevropa bozorida oʻzbek tovarlarining raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ISSV vakillari GSP+ imtiyozli rejimi amal qilish muddatini yana 10-yilga uzaytirish taklifi bilan chiqdi. Bu erishilgan natijalarni mustahkamlash va Yevropa Ittifoqi bilan uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.
Tashrif doirasida delegatsiya Yevropa Komissiyasining savdo va xalqaro hamkorlik departamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Konstruktiv suhbat davomida oʻzbek tovarlarining Yevropa bozoriga kirish shartlarini yaxshilash masalalari, jumladan, prokatlangan metall mahsulotlari uchun import kvotalarini qayta koʻrib chiqish va oʻzbek mahsulotlarini Yevropa standartlariga moslashtirish uchun YEI tomonidan texnik koʻmak jalb etish masalalari muhokama etildi.
Har ikki tomon ham muzokaralar natijalari Oʻzbekistonning GSP+ doirasidagi manfaatlarini ilgari surish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam boʻlganini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.