Dastlab uchrashuvda ishtirokchilarga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar va oʻzbek diasporalari tashkilotlari bilan aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solishga yordam berayotgani taʼkidlandi.

Belgiya, Daniya, Lyuksemburg va Niderlandiya davlatlarida xorijiy fuqarolarni ishga qabul qilish tartibi, Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ishga joylashtirish imkoniyatlari, xorijda ishlash istagidagi aholini oʻqitish maqsadida Belgiya taʼlim muassasalari va ish beruvchi kompaniyalar oʻquv markazlari filiallarini Oʻzbekistonda ochish, ularga talab qilinadigan kasb va chet tillarini oʻrgatish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Belgiyada chet el fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish amaliyoti haqida soʻz yuritildi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilda Daniya aholisining 14 foizini chet elliklar tashkil etgan. Yaʼni 700 ming mehnat migrantlari mavjud. Daniya mehnat bozoridagi asosiy boʻsh ish oʻrinlariga savdo, transport, resurslarni qazib olish va ishlab chiqarish, informatika va aloqa kabi sohalar kiradi. Daniyaga kelgan mehnat migrantlari soliq imtiyozlari, moliyaviy va huquqiy hujjatlarni olishda fuqarolar bilan teng huquqqa ega boʻlishi ushbu davlatda ishlash istagidagi fuqarolarning qiziqishini yana-da kuchaytirmoqda.

Benilyuks mamlakatlari va Daniya mehnat bozoridagi vaziyat, ushbu davlatlardagi vatandoshlarning ish tajribalari bilan tanishildi. Shuningdek, ish beruvchilarning toʻrtta asosiy bosqich – mamlakat ichida, Yevropa Ittifoqida va tashqarisida hamda sobiq mustamlaka mamlakatlarida ishchi kuchini izlash sxemasi tushuntirildi.

Shuningdek, Daniyadagi ish joylari boʻyicha ijobiy roʻyxatga ega boʻlgan veb-sayt tavsiya etildi.