“Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo” Vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Noyabr 2021 2828

    2021-yil 22-noyabrda Dushanbe shahrida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili ishtirok etdi. Unda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarning dolzarb masalalari, xavfsizlikning umumiy muammolari, savdo, investitsiya, ekologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov oʻz nutqida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikning innovatsion modelini shakllantirish, uzoq muddatli istiqbolda yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash boʻyicha qatʼiy choralarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.

    Tariflarni uygʻunlashtirish, bojxona tartiblarini soddalashtirish, barcha biznes subyektlari uchun teng sharoitlar yaratish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali hududlararo va mintaqalararo savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

    Afgʻonistonda gumanitar falokatning oldini olish, mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, afgʻon tomoni bilan konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tezkor va oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

    Uchrashuv ishtirokchilariga Oʻzbekiston tomonidan yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham maʼlumot berildi. Oʻzbekiston tomoni Yevropa Ittifoqi bilan ushbu yoʻnalishdagi aloqalarni, jumladan, BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi doirasida hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi bildirildi.

    Uchrashuv yakunida Qoʻshma kommyunike qabul qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.