Yevropa Ittifoqi bilan parlamentlararo aloqalar mustahkamlanadi

    2025-yil 12-mayda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston parlamenti va Yevropa parlamenti oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, dolzarb mintaqaviy va global masalalar yuzasidan fikr almashish, tajriba va axborotlar bilan oʻzaro boʻlishishni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

    Suhbat chogʻida Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ikki mintaqa oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va barqaror muloqotni mustahkamlashda muhim poydevor boʻlgani alohida qayd etildi.

    Shuningdek, Toshkent shahrida aprel oyida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida Yevropa davlatlari parlamenti vakillarining faol ishtirok etgani, Assambleya doirasida qabul qilingan hujjatlarning Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlangani yuqori baholandi.

    Tomonlar siyosiy muloqotni izchil davom ettirish, qonunchilik jarayonida ilgʻor yondashuvlar almashinuvi va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini faollashtirishga tayyor ekanligini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.