Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari – elchi Sharlotta Adrian xonim bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi Alisher Maksudov mehmonlarga mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, atrof-muhitni asrash boʻyicha qilinayotgan tizimli ishlar haqida gapirib berdi.
Ikki tomonlama aloqalarning istiqboliga bagʻishlangan muloqot chogʻida Yevropa Ittifoqining 2021-2027-yillarga moʻljallangan navbatdagi dasturlari doirasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi loyihalar yoʻnalishida yana-da mustahkamlash bilan bogʻliq masalalar xususida soʻz yuritildi.
Elchi xonim Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlarni eʼtirof etar ekan, Yevropa Ittifoqi boshqa sohalarda boʻlgani kabi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishida ham ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Alohida taʼkidlash joizki, ishlab chiqarish korxonalarini “yashil” texnologiyalarni joriy etishga ragʻbatlantirish, atrof-muhit monitoringi amaliyotini raqamlashtirish orqali takomillashtirish, ekoturizmni rivojlantirish Davlat ekologiya qoʻmitasi va YEI hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan sanaladi.
Davlat ekologiya qoʻmitasi
matbuot xizmati