Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyadan gaz importini to'xtatish rejasini ma'qulladi

    Yevropa Ittifoqi Kengashi 2028-yil yanvarigacha Rossiyadan gaz importini bosqichma-bosqich to'xtatish rejasini ma'qulladi, deyiladi tashkilot bayonotida.

    “Bu [Rossiya gazini yetkazib berishni bosqichma-bosqich to'xtatish] Yevropa Ittifoqining ta'minot xavfsizligini ta'minlagan holda barqaror va mustaqil Yevropa energiya bozorini yaratish bo'yicha asosiy maqsadga erishishga yordam beradi”, deyiladi bayonotda.

    YI Kengashi bayonotida ta'kidlanishicha, Rossiya gazining importiga to'liq taqiq 2028-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. O'sha vaqtga kelib Yevropa Ittifoqi quvurlar va suyultirilgan gaz yetkazib berishni bosqichma-bosqich taqiqlaydi.

    Taklif etilayotgan rejaga ko'ra, Rossiya gazini import qilish taqiqi 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi, amaldagi shartnomalar uchun o'tish davri amal qiladi. Xususan, 2025-yilning 17-iyuniga qadar tuzilgan qisqa muddatli shartnomalar 2026-yil 17-iyungacha, uzoq muddatli shartnomalar esa 2028-yilning 1-yanvarigacha amal qilishi mumkin, deyiladi YI Kengashi xabarida.

    Mavjud shartnomalarga o'zgartirishlar kiritish mumkin, ammo ular yetkazib berish hajmining oshishiga olib kelishi mumkin emas, deya ogohlantirdi Yevropa Ittifoqi Kengashi. Unda “ta'minot yo'llaridagi so'nggi o'zgarishlardan zarar ko'rgan dengizga chiqish imkoni bo'lmagan a'zo davlatlar” uchun istisnolar qilinishi mumkinligiga aniqlik kiritildi. Bularga, xususan, Vengriya va Slovakiya kiradi, deb xabar beradi Reuters. Nizomga ko'ra, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar neft` va gaz etkazib berishni diversifikatsiya qilish bo'yicha milliy rejalar, ular bilan bog'liq chora-tadbirlar va yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarni ko'rsatib berishlari kerak.

    2025-yilning may oyida Yevrokomissiya Rossiyadan neft va gazdan voz kechish rejasini taqdim etdi. “Yo'l xaritasi” “Rossiya energiya tashuvchilaridan kelishilgan va bosqichma-bosqich voz kechishni” ko'zda tutadi, bu “Yevropa Ittifoqining energetik o'tish jarayonini tezlashtirish va ta'minotni diversifikatsiya qilish” bilan birga amalga oshiriladi. Rejaga ko'ra, YI davlatlari 2027-yil oxirigacha Rossiya gazini import qilishni butunlay to'xtatmoqchi.

    15-oktabr kuni bosh vazir o'rinbosari Aleksandr Novak Rossiya gazi Yevropa Ittifoqining energiya tarkibining 19 foizini tashkil etishini aytdi. “Ya'ni, avvalroq Rossiya gazi Yevropa energiya kompleksining taxminan 44 foizini tashkil qilgan bo'lsa, bugungi kunda umumiy import tarkibida u taxminan 19 foiz darajasida qolmoqda. Ya'ni ikki barobarga qisqardi. Shunga qaramay, Rossiya gazini yetkazib berish davom etmoqda”, dedi Aleksandr Novak. Uning qo'shimcha qilishicha, Rossiya muloqotga ochiqligicha qolmoqda va agar so'ralsa, Yevropaga gaz yetkazib berish hajmini oshirishga tayyor, deb xabar berdi expert.ru.