Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyun 2022 1474

    2022-yil 31-mayda Olmaota shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv ishtirokchilari Afgʻonistondagi ogʻir insonparvarlik vaziyatdan xavotir bildirar ekan, mamlakatning xalqaro moliyaviy aktivlariga nisbatan qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlash va Afgʻoniston xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish muhimligini taʼkidladilar.

    BMT Bosh kotibining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili D.Layons, Yevropa Ittifoqining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili T.Niklasson, Qozogʻiston Prezidentining xalqaro hamkorlik boʻyicha maxsus vakili K.Kazixon Oʻzbekistonning Afgʻonistonga insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun chegaradosh Termiz shahrida koʻp funksiyali transport-logistika xabini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyatini alohida eʼtirof etdi.

    Tadbir davomida afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakatning mintaqaviy integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etishi, uning iqtisodiyotini tiklash va Afgʻonistonda turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha xalqaro hamda mintaqaviy saʼy-harakatlar muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev oʻz nutqida Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan siyosatining asosiy jihatlariga, mamlakatning yangi hokimiyat maʼmuriyatiga, shuningdek, ular bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish zarurligiga toʻxtaldi.

    Ishtirokchilar eʼtibori Afgʻonistonda turli terrorchi kuchlar tomonidan mintaqa mamlakatlari va boshqa davlatlar uchun ehtimoliy tahdid sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan boʻshliqning qayta vujudga kelishining oldini olishga qaratildi.

    Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakillar Afgʻonistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzishi, Afgʻonistondagi ayollar va etnik ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishi, shuningdek, mamlakat hududining xalqaro terrorchilar boshpanasiga aylanishining oldini olish boʻyicha oʻz vaʼdalari va xalqaro majburiyatlarini bajarish zarurligini qayd etib oʻtdi.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunda afgʻon qizlarini toʻliq maktab taʼlimiga tezroq qabul qilish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.

    Tadbir soʻngida yigʻilish ishtirokchilari Yakuniy bayonotni qabul qildilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.