Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili bilan muzokara boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 10 Oktabr 2023 788

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terxi Xakala bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarining turli yoʻnalishlari, xususan, savdo-iqtisodiy, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

    “Yevropa Ittifoqi – Oʻzbekiston” parlament hamkorligi qoʻmitasi doirasida tashkil etilayotgan samarali muloqotlar parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim mexanizm ekani alohida taʼkidlandi. 2024-yil uchun Oliy Majlis Senati va Yevropa parlamenti oʻrtasida amaliy chora-tadbirlarning alohida rejasini ishlab chiqish va qabul qilish taklifi ilgari surildi.

    Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga asosiy ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratildi. Ayni paytda savdo aylanmasi barqaror oʻsishda davom etyapti. Yil boshidan buyon bu boradagi koʻrsatkich 35 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirib kelinyapti. “GSP+” rejimi sifatli oʻzbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishning ragʻbatlantiruvchi omiliga aylandi. Shu nuqtayi nazardan mazkur rejimni yangi muddatga uzaytirish yuzasidan fikr almashildi.

    Mintaqaviy darajada yoʻlga qoʻyilgan muloqot, xususan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik formati munosabatlarini yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun muhim platformaga aylangani qayd etildi.

    Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish kabi takliflar muhokama etildi. Bunda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi bilan hamkorlikda Bryusselda oʻtkazilishi rejalashtirilgan muloqotning navbatdagi yigʻilishi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Mazkur tadbir gender tengligi, ayollar huquq va manfaatlarini ilgari surish kabi yoʻnalishlarda Yevropa Ittifoqining tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berishi bilan birga, hamkorlikning yangi bosqichiga turtki vazifasini oʻtashi aytib oʻtildi.

    Uchrashuv yakunida koʻp qirrali hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, oʻzaro muloqotlar izchilligini taʼminlashga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.