Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian boshligidagi delegatsiya Xorazmda

    Xorazam viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Joʻrabek Raximov Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim boshligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Muloqot jarayonida Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar va taʼlim sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Maʼlumot uchun, oʻtgan yil viloyatning Yevropa davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 168 mln. dollarni tashkil qilib, 2021-yilga nisbatan 32,5 foizga oʻsgan.

    Viloyat rahbari Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Urganch shahrida ochilgan vakolatxonasi orqali qishloq joylarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun grantlar ajratish, mahsulotlarini Yevropa mamlakatlariga eksport qiluvchi korxonalar uchun maxsus seminarlar tashkil qilish, Urganch davlat universitetida ERASMUS loyihasi doirasida tajriba almashuvni yanada takomillashtirish kabi bir qator takliflarni bildirdi.

    Elchi Sharlotta Adrian xonim samimiy qabul uchun oʻz minnatdorchiligini izhor etib, hamkorlik boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi. Shuningdek, Yevropa taʼlim tizimi bilan integratsiya jarayonlarini kuchaytirish, qishloq xoʻjaligi, yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish yoʻnalishlariga Yevropa sarmoyasini kiritish takliflarini bildirdi. Uchrashuvda tomonlar muhokama etilgan masalalar yuzasidan hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirishga kelishib olishdi.