Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel Oʻzbekiston Prezidentiga maktub yoʻlladi

    Xalqaro hamkorlik 25 May 2021 1640

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Janobi Oliylari,

    Men Sizga oʻzimning shaxsiy salomimni va Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi ajoyib hamkorlik uchun minnatdorchiligimni yetkazmoqchiman.

    Mamlakatingiz va mintaqangiz COVID-19 inqirozi va uning oqibatlari munosabati bilan qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganiga qaramay, Oʻzbekistondagi islohotlar jarayoni umumiy qadriyatlar asosida aloqalarimizni yana-da rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratishda davom etayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlayman. Barqarorlik va farovonlikning asosiy elementlari sifatida qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish boʻyicha eʼtiboringizni mamnuniyat bilan qabul qilamiz.

    Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Respublikasi bilan yaqin muloqotni davom ettirishga qatiy qaror qilganligini yana bir bor tasdiqlashga ijozat bergaysiz. Biz kelgusi davrda munosabatlarimizni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadigan yangi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokara jarayonlarini yakunlashdan manfaatdormiz.

    Tabiiyki, biz ham 2021-2027-yillarga moʻljallangan Yevropa Ittifoqining yangi moliyaviy vositasining navbatdagi dastur sikli doirasida oʻz hamkorligimizni davom ettirishga tayyormiz. Bizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz mamlakatingiz atrof – muhitni tiklash va yashil iqtisodiyotga oʻtishni qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Iqlim oʻzgarishi, shu jumladan Orol dengizi mintaqasi muammolarini hal qilish boʻyicha sizning tashabbuslaringizni alohida qiziqish bilan qayd etdim.

    Mintaqaviy masalalarga toʻxtalsak, shuningdek, inqiroz davrida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha sizning tashabbuslaringiz va rahbarligingiz uchun minnatdorligimni bildirmoqchiman. Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning butun Markaziy Osiyoda, shu jumladan Afgʻonistonda hamkorlik, xavfsizlik va barqarorlikni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini iliq kutib oladi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.

    Men Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, elchi Piter Buryandan hukumatingiz bilan yaqinda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorligimizni rivojlantirish uchun muhim sohalarda muhokama qilishlarini soʻradim.

    Men kelajakdagi aloqalarimizni intizorlik ila kutaman, bu shubhasiz hamkorligimizni yana-da mustahkamlash boʻyicha takliflarni muhokama qilish uchun imkoniyat yaratadi.

    Samimiyat ila, Sharl Mishel,

    Yevropa Kengashi Prezidenti