Yevropa Kengashi prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha bosh maslahatchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Noyabr 2021 1107

    2021-yil 15-noyabrda Bryussel shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa Kengashi prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha bosh maslahatchisi Saymon Mordyu bilan uchrashdi.

    Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi Oʻzbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

    Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim boʻyicha muzokaralar jarayonini jadallashtirish, xavfsizlik sohasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

    “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shakllarida boʻlajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

    Afgʻonistondagi bugungi vaziyat va uning mintaqaviy xavfsizlikka taʼsiriga alohida eʼtibor qaratildi. Afgʻoniston xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishda jahon hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligi haqida umumiy fikr bildirildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.