Yevropa sifati talabiga javob beruvchi farmatsevtika loyihasi muhokama etildi

    Salomatlik 8 May 2021 1544

    O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi va Fransiyaning «Boccard» kompaniyasi o‘rtasida yevropa sifati talabiga javob beruvchi farmatsevtika sohasi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar olib borildi.

    «Health and Care» bo‘linmasi bo‘lim rahbari Erik Marselan ta’kidlaganidek, ushbu fransuz kompaniyasi farmatsevtika bo‘yicha 30 yillik faoliyat tajribasiga ega. Dunyoning 35 ta mamlakatida uning ofislari ochilgan.

    Mazkur sohada, asosan suyuq farmatsevtika mahsulotlari (ichiladigan va in’eksiya qilinadigan) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Asosan biotexnologiya, ayniqsa insulin va har xil vaksinalarni ishlab chiqarish yo‘nalishi ajralib turadi. Shuningdek, qon plazmasini fraksiyalash yetakchi yo‘nalishlardan biri sanaladi.

    Milliy palata tomonidan Sog‘liqni saqlashga va farmatsevtikaga yetakchi ishlanmalarnii joriy etish ushbu davlat tizimining muhim vazifalaridan biri sanalishi ta’kidlandi. Uni bajarish doirasida Milliy palata tomonidan o‘zining yutuqlari bilan tanilgan chet el kompaniyalari faoliyati tahlil etilyapti. Shuningdek, ularning imkoniyatlari bilan mamlakatimizning daxldor tibbiyot tashkilotlarini tanishtirish tashkil etilyapti.

    Ushbu maqsadda Milliy palata tomonidan onlayn shaklda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda ishtirok etish uchun O‘bekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi vakillari taklif etilgan.

    Uchrashuv qatnashchilarida Fransiya kompaniyasining qon plazmasini fraksiyalash tajribasi qiziqish uyg‘otdi. E. Marsel so‘zlariga qaraganda, mazkur sohada yetakchi sanalgan boshqa fransuz kompaniyasi — «LFB» bilan ushbu yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik loyihalarni amalga oshirish namunasi sifatida Braziliyada kelajak zavodini qurish tilga olindi. U yerda albumin, immunoglobulin va boshqa dori vositalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Zavod yiliga 500 ming litr plazmani tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

    O‘zbekiston tomonidan mamlakatda yevropa talabiga javob beradigan farmatsevtika mahsulotldarini ishlab chiqarishni joriy etish, shubhasiz, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining oshishi, tibbiyot turizmining rivojlanishi, mamlakatimiz farmatsevtika sohasining eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha amaliy qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar hamkor loyihalar imkoniyatlarini batafsil ko‘rib chiqish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.