Yevropada gaz narxi 2023-yil oktabr oyidan beri eng yuqori darajaga yetdi – 1 ming kub metr uchun taxminan 540 dollar. Bu Ukraina orqali tranzitning to'xtatilgani, Norvegiyada suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishdagi nosozlik va past haroratlar fonida sodir bo'ldi.
Yevropa auksionlarida gaz narxi 2023-yil oktabr oyidan beri eng yuqori darajaga ko'tarildi, deb xabar beradi Bloomberg. Birinchi savdo kuni, 2-yanvarda yonilg'i narxi 1 MVt/soat uchun 50,3 yevroga yetdi (1 ming kub metr uchun taxminan 540 dollar).
Bu 1-yanvar kuni ertalab Rossiya gazining Ukraina orqali Yevropaga tranzitining to'xtatilishi, Norvegiyada yetkazib berishda uzilish va qit'ada sovuq tushish bilan bir vaqtga to'g'ri keldi.
Rossiya gazining Ukraina orqali Yevropaga tranziti “Gazprom” va “Naftogaz” o'rtasidagi shartnoma muddati tugagani sababli 1-yanvar kuni ertalab to'xtab qoldi. Moskva avvalroq shartnomani uzaytirishga tayyorligini bildirgan, biroq Kiev buni rad etgan. “Shimoliy oqim”dagi portlashlar va Yamal-Yevropa gaz quvuri orqali gaz tortib olish to'xtatilganidan so'ng, “Turk oqimi” Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berishning yagona yo'li bo'lib qolmoqda, deb xabar beradi rbc.ru.