Denge, Zika va Chikungunya kabi virusli kasalliklar tashuvchisi boʻlgan Aedes chivinlari janubiy Yevropada koʻpayib qoldi. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bayonotida maʼlum qilindi.

Tashkilotning qayd etishicha, hasharotlar tarqalishiga iqlim oʻzgarishi, yaʼni Yevropa qitʼasida havo haroratining oshishi sabab boʻlmoqda.

JSST Ispaniya, Fransiya, Italiya, Gretsiya yoki Xorvatiya aholisi xavf ostida ekanligi haqida ogohlantirmoqda.

JSST ekspertlarining taʼkidlashicha, tunda xavfli boʻlgan bezgak tashuvchi chivinlardan farqli ravishda, Aedes chivinlari odamlarni kunduzi chaqadi.

“Bu chivinlar bir kunda bir nechta odamga hujum qilishi mumkinligi sababli, bu aholi zichligi yuqori boʻlgan hududlarda epidemiyalarning paydo boʻlishiga turtki beradi”, deb taʼkidladi mutaxassislar.

Bugungi kunga kelib, chivin chaqishidan yuqadigan yuqorida aytilgan uchta virusli kasallikka qarshi emlash mavjud emas. Biroq JSST ekspertlari, agar tadqiqotlar kuchaytirilsa, bunday vaksinalari yaratish mumkin deb hisoblamoqda.

Britaniyalik olimlar bezgakka qarshi yangi vaksinani ishlab chiqishdi, ularning fikricha, bu 2030-yilga borib oʻlimni 70 foizga kamaytiradi, deb xabar beradi korrespondent.net.