Yevropaning bir qator mamlakatlarida karantin yumshatilmoqda

    Keyingi haftadan boshlab Buyuk Britaniya koronavirus tufayli oʻrnatilgan cheklov choralarini ikki bosqichda yumshata boshlaydi. Ulardan birinchisida doʻkonlar, sport zallari, hayvonot bogʻlari, sartaroshxonalar va barlar 12-aprelda ochiladi, keyinroq esa ochiq maydonlardagi dam olish joylari ham ochiq boʻladi, deya xabar bermoqda Euronews.

    Britaniyada qariyalar uylarida 31 milliondan ortiq odam emlandi. Shundan soʻng, ularning qarindoshlari bilan uchrashishlariga ruxsat berildi. Lekin bir vaqtning oʻzida har bir kishining oldiga ikkitadan koʻp boʻlmagan mehmon kelishi mumkin. Shunga qaramay, bosh vazir Boris Jonson yurtdoshlarini hushyor boʻlishga chaqirdi.

    “Biz tinchlana olmaymiz. Biz boshqa mamlakatlarni qamrab olgan yuqumli kasalliklar toʻlqinining guvohi boʻlmoqdamiz, bularning barchasi nimaga olib kelishini koʻryapmiz. Vaksinatsiyaning qanchalik samaradorligini biz hali ham bilmaymiz. Emlangan odamlar infeksiyaning yangi toʻlqiniga duch kelishsa kerak. Kasallik tez orada orqaga qaytmasligidan qoʻrqaman, shuning uchun emlanishingiz, oʻz navbatida vaksinaning ikkinchi dozasini qabul qilishingizni iltimos qilaman va sizda biron bir alomat boʻlmasa ham, bepul test topshirish imkoniyatidan foydalaning”, dedi Jonson.

    Gretsiyaning ayrim hududlarida kichik va oʻrta korxonalar, doʻkonlar ikki oy davomida yopiq turgandi. Ayni paytda ular ochildi, ammo cheklov choralari qisman saqlanib qoldi. Katta savdo markazlari hozircha yopiq qolmoqda, ammo odamlar odatdagi hayotga qaytishni boshlaganini allaqachon sezishayotganini aytishadi.

    Portugaliyada endi oʻrta maktab oʻquvchilari oʻz sinflariga qaytishlari mumkin va mamlakatda ikki oylik karantin choralari koʻrilganidan keyin muzeylar va kafelar qayta ochilmoqda. Bundan tashqari, restoranlarda stolda faqat toʻrt kishi oʻtirishiga ruxsat beriladi.

    Dushanbadan boshlab yana individual sport turlari bilan shugʻullanish mumkin, shu jumladan suzish havzalarida mashgʻulotlarga ruxsat beriladi.