EXHT O'zbekistonda prezidentlik saylovi bo'lib o'tganini tan oldi

    EXHT Parlament Assambleyasi, EXHT/DIIHB va Evropa Parlamentining O'zbekistondagi Prezident saylovini kuzatish natijalari taqdimotiga bag'ishlangan matbuot anjumani bayonotlari xulosasiga ko'ra, prezidentlik saylovi bo'lib o'tgani ular tomonidan tan olindi.

    Jumladan, EXHT missiyasi va Evropa Parlamenti ta'kidlashicha:

    – 1267 ta saylov uchastkasida kuzatuv amalga oshirilgan. Ovoz berish jarayoni tinch va tartibli o'tib, MSK kun davomida ovoz bergan saylovchilarning soni to'g'risida jamoatchilikni xabardor qilib turgan. Barcha saylov uchastkalarida siyosiy partiyalar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar ishtirok etgan. Shuningdek, saylovni 966 nafar xalqaro kuzatuvchi va 1672 nafar jurnalist kuzatgan. Bu saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta'minlagan. Ovoz berish jarayoni bilan bog'liq salbiy holatlar faqatgina 11 foiz saylov uchastkasida qayd etilgan.

    – Prezidentlik saylovlari O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda “Yangi O'zbekiston” shiori ostida amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasining izchil amalga oshirilishi sharoitida o'tkazildi.

    – So'nggi yillarda O'zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonida sezilarli yutuqlarga erishilgani, saylov qonunchiligida qator islohotlar EXHT/DIIHBning tavsiyalari doirasida amalga oshirilgani e'tirof etildi. Saylovoldi tashviqotini to'siqlarsiz o'tkazish kafolatlari kuchaytirilgani, ma'muriy resurslardan foydalanish faktlarini istisno qilish chora-tadbirlari ijobiy baholanib, saylov huquqlarini himoya qilish kafolatlari oshirilgani qayd etildi.

    – COVID-19 bilan bog'liq muammolarga qaramay, MSK o'z faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda professional, sifatli va samarali tashkil etdi. Ilk marotaba MSKning barcha yig'ilishlari keng jamoatchilikka ochiq va real vaqt rejimida efirga uzatildi va uning qarorlari darhol komissiya saytida e'lon qilindi.

    – Imkoniyati cheklangan saylovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, saylov kampaniyasi davomida milliy ozchiliklarga nisbatan kamsitish hollari yoki biron-bir salbiy bayonotlar qayd etilmadi.

    – 2019 yilda tashkil qilingan Saylovchilarning yagona elektron ro'yxati sezilarli darajada takomillashtirilib, keng jamoatchilikka, shu jumladan, internet orqali foydalanish imkoniyatini yaratdi. Bu real vaqtda saylovchilar haqidagi ma'lumotlarni yangilash imkonini berdi.

    O'z navbatida, EXHT/DIIHB missiyasi rahbari Ouen Merfi saylovni kuzatishga taklif qilinganligi va amaliy yordam uchun O'zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

    Uning so'zlariga ko'ra, EXHT kuzatuvchilar missiyasi saylovlarni bir oydan ko'proq vaqt davomida kuzatgan, uning faoliyatiga mahalliy hokimiyat yoki umuman hukumat tomonidan biron-bir to'sqinlik bo'lmagan. Aksincha, davlat organlari ham, xususiy sektor ham, fuqarolik jamiyati ham missiyaga har tomonlama yordam berib, EXHT kuzatuvchilari bilan yaqindan hamkorlik qilgan.

    EXHT Parlament Assambleyasi delegatsiyasi rahbari Daniella de Rider so'zlariga ko'ra, amalga oshirilgan islohotlardan, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlardan hayratga tushgan. Uning qo'shimcha qilishicha, "tanlangan islohotlar aholi tomonidan qo'llab-quvvatlanganining yaqqol isboti, bu – saylovlarda 80 foizdan ortiq saylovchi qatnashganidir".

    EXHT qisqa muddatli kuzatuvchilari maxsus koordinatori Reynxold Lopatka matbuot anjumanida demokratiya uzoq jarayon va O'zbekiston to'g'ri yo'ldan ketayotganini ta'kidladi.

    "Biz O'zbekistonni bu yo'lda qo'llab-quvvatlaymiz”, dedi R.Lopatka.

    Ekspertlarning fikricha, EXHT PA, EXHT/DIIHB va Evroparlamentning 44 mamlakatdan 365 nafar kuzatuvchilaridan iborat delegatsiyasining O'zbekistondagi saylovlarda ilk bor ishtirok etishi, bu – O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan demokratik o'zgarishlar e'tirof etilishidan va qo'llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi. SHu bilan birga, xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda islohotlarni amalga oshirish va modernizatsiya qilishda tanlangan strategik yo'lni qo'llab-quvvatlab, O'zbekiston tomoni bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildiradi.