YeXHT PA vakillari Oʻzbekiston Respublikasining hamkorligi va faol pozitsiyasini yuqori baholadi

    Xalqaro hamkorlik 23 Noyabr 2023 556

    2023-yil 18-21-noyabr kunlari Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Kadirxanova boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Yerevan (Armaniston)da boʻlib oʻtgan YEXHT Parlament assambleyasining kuzgi sessiyasida ishtirok etdi.

    Tadbirda YEXHTning 50 ta ishtirokchi davlatidan 220 dan ortiq parlament aʼzolari va hamkorlik boʻyicha sheriklar ishtirok etdi.

    Sessiya doirasida Doimiy qoʻmitaning majlisi hamda “YEXHT inqiroz davrida: Parlament Assambleyasining ichki va tashqi tahdidlarga javob berishdagi roli” mavzusida parlament konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiya doirasida YEXHT makonidagi nizolarni hal etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish, saylovni tashkil etish sohasida tajriba almashishga oid masalalar muhokama etildi.

    Bundan tashqari, sessiya davomida parlament aʼzolari Parlament Assambleyasi va YEXHT institutlari rahbariyati maʼruzalarini eshitdi hamda Assambleyaning 2023-yildagi ishining oraliq yakunlarini koʻrib chiqdi.

    Parlament konferensiyasi doirasida delegatsiya aʼzolarining chiqishlari va maʼruzalari eshitildi, Oʻzbekistonda gender zoʻravonlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, terrorchilik tashkilotlari faoliyatidan jabrlangan ayollar va bolalarni oʻz Vataniga qaytarish, ularning jamiyatga integratsiyalashuvi boʻyicha “Mehr” dasturlari amalga oshirilayotgani, shuningdek, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashilayotgani haqida maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi davomida YEXHT Parlament Assambleyasi rahbariyati bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, ularda mamlakatimizning YEXHT PA doirasidagi oʻzaro hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

    YEXHT PA vakillari Oʻzbekiston Respublikasining Assambleya doirasidagi oʻzaro hamkorligi va faol pozitsiyasini yuqori baholab, bundan keyin ham ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlashda har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.