Uchrashuvda hozirgi vaqtda parlament diplomatiyasining roli sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Tomonlarning fikricha, aynan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama parlament muloqoti xalqaro maydonda o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashga, jahon hamjamiyatining saʼy-harakatlarini mintaqaviy va global muammolarni hal etishga qaratishga ko‘maklasha oladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani, yangilangan tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli mamlakatimizning YEXHT va uning institutlari bilan o‘zaro hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida taʼkidlandi.

Tomonlar atrof muhitni muhofaza qilish, ekologiya va suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasidagi hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Markaziy Osiyo ekologiyasi va suv resurslari bir-biriga chambarchas bog‘langani sababli bu boradagi dolzarb masalalarni hal etishda mintaqaviy yondashuv muhimligi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan YEXHT PA vakillari “Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish” yuzasidan Assambleyaning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalarining qo‘shma tashabbusi muhimligini qayd etdi. Ushbu rezlyutsiyada mintaqadagi dolzarb muammolarni hal etishga doir taʼsirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro tashkilotlar salohiyatini jalb qilish bo‘yicha aniq tavsiyalar keltirilgan.

Suhbat chog‘ida YEXHT PA delegatsiyasi aʼzolari O‘zbekistonda Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning borishi, barcha darajadagi vakillik hokimiyati organlarining rolini oshirish, shuningdek, atrof muhit va suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining fikri bilan atroflicha tanishdi.

Uchrashuvda tomonlar YEXHT PA doirasida tizimli muloqot va faol aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi.