YeXHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yigʻilishi boʻldi

    Xalqaro hamkorlik 2 Dekabr 2021 1172

    2021-yil 2-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Stokgolm shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 28-yigʻilishida ishtirok etdi.

    Shvetsiya raisligida oʻtgan uchrashuvda YeXHT makonida harbiy-siyosiy, iqtisodiy-ekologik va insoniy oʻlchovlardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov oʻz nutqida yigʻilish ishtirokchilari eʼtiboriga mamlakatimizda kechayotgan demokratik oʻzgarishlar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlarni havola etdi.

    Oʻzbekiston bilan YeXHT oʻrtasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda ijobiy surʼatlarda rivojlanayotgani, jumladan, xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalarida texnik yordam koʻrsatish boʻyicha loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Oʻzbekiston tomoni hamkorlikni davom ettirishga hamda barcha sohalar boʻyicha dolzarb dasturlar sonini mutanosib ravishda oshirishga tayyor ekani taʼkidlandi.

    Qayd etilganidek, YeXHT faoliyatida iqtisodiy va ekologik omillarning ahamiyatini kuchaytirish muhim boʻlib, bu keng qamrovli xavfsizlik konsepsiyasini toʻliqroq amalga oshirishga imkon beradi. Shu munosabat bilan oʻzaro savdoni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, agrar sektorda yangi texnologiyalarni joriy etish, tabiatni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash masalalaridagi aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishilgan saʼy-harakatlarni amalga oshirish zarur.

    YeXHTning hamkor-mamlakati sanalgan Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri bu mamlakatda gumanitar falokatning oldini olish uchun afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatish yuzasidan shoshilinch choralarni koʻrishga chorladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot markazi.