YEXHT yangi bosh kotibi Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

    Voqea-hodisalar 10 Sentabr 2021 776

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasining Ayol spikerlar 13-sammiti va Parlamentlar rahbarlarining 5-butunjahon konferensiyasi ishida ishtirok etish uchun Vena shahriga tashrifi doirasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) bosh kotibi Xelga Shmid bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar Oʻzbekiston va YEXHT oʻrtasida gender tenglik masalalarini ilgari surish va yoshlarning rolini oshirish borasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, shuningdek, tashkilot bosh kotibining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifini muhokama qildilar.

    Xelga Shmid jadal rivojlanayotgan hamkorlikka yuqori baho berdi. Oʻzbekiston rahbariyatining xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ochiq va puxta siyosati tufayli soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda muvaffaqiyatlarga erishilayotgani taʼkidlandi.

    Muzokaralar chogʻida X.Shmid YEXHTning Oʻzbekiston bilan gender tenglik masalalarini ilgari surish va yoshlarning rolini oshirish borasidagi hamkorligini yanada chuqurlashtirishga eʼtibor qaratdi.

    Xususan, bosh kotib Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning mamlakat ijtimoiy hayotidagi rolini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni toʻla qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Uchrashuvda bosh kotib yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning salohiyatini toʻla ochib berish masalalari boʻyicha hamkorlikni yanada jadallashtirishga chaqirdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻrtasida BMT Global aksilterrorchilik strategiyasini Markaziy Osiyoda birgalikda amalga oshirishning 10 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun YEXHT bosh kotibining shu yil noyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ushbu konferensiyani birgalikda tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror haqida maʼlumot berildi. Tashrif davomida Xelga Shmid Oʻzbekiston rasmiylari bilan ham bir qator uchrashuvlar oʻtkazishni rejalashtirgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.