Tadbir O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari davlat bayroqlarini tantanali ko‘tarish marosimi bilan boshlandi. Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Birlashgan Arab Amirliklari Vazirlar Mahkamasi a’zosi, bag‘rikenglik va hamjihatlik vaziri Shayx Nahayon bin Muborak Ol Nahayon ishtirok etdi. Delegatsiyalar rahbarlari o‘z qutlov so‘zlari chog‘ida O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanligini, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan yutuqlarni alohida ta'kidladilar.
«Ekspo – ommaviy diplomatiya va milliy brending uchun noyob platforma. Ishtirokchi mamlakatlar texnologik innovatsiyalar va milliy madaniyatlarini namoyish etadi, ijobiy va o‘ziga xos milliy o‘zlikni shakllantirish uchun fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro muloqotda bo‘ladi. O‘zbekiston 1993-yildan buyon xalqaro ko‘rgazmalarda, shuningdek, ixtisoslashgan Ekspo ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelmoqda, biroq bu safar biz mamlakatimizni birinchi marta milliy pavilon bilan namoyish etmoqdamiz. O‘ylaymanki, bu BAA bilan aloqalarni mustahkamlash niyatimizning jiddiyligini aks ettiruvchi yaxshi belgidir», - dedi S.Umurzakov o‘z nutqida.
Ochilish marosimidan so‘ng ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari va rasmiylari O‘zbekiston milliy paviloni bilan tanishdilar. O‘zbekiston paviloni 1 739 kvadrat metr maydonda joylashgan bo‘lib, «Harakatchanlik» shiori ostida Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab sayohatni konseptual tarzda ifodalaydi. Unda mamlakatimiz taraqqiyotining tarixiy marralari, shuningdek, so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar va kelgusidagi rivojlanish strategiyalari aniq tasvirlangan. «O‘zbekiston» paviloniga har kuni o‘rtacha 2,5-3 ming kishi tashrif buyuryapti.
Tadbir dasturidan milliy madaniyat va san'atimizni keng ommaga taqdim etgan O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokidagi boy konsert dasturi o‘rin oldi. Oqshom mehmonlari uchun «O‘zbekiston» paviloni bo‘ylab qiziqarli ekskursiyalar tashkil etildi. O‘zbek xalqining eng yaxshi mehmondo‘stlik an’analariga muvofiq, milliy o‘zbek taomlari ham bayramning ajralmas qismiga aylandi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Birlashgan Arab Amirliklari milliy pavilonida bo‘lib, unda BAAning rivojlanish tarixi hamda iqtisod, ilm-fan, san’at va boshqa sohalardagi zamonaviy yutuqlariga bag‘ishlangan ekspozitsiya bo‘ylab tur tashkil etildi.
Mamlakatning EXPO 2020 DUBAIdagi ishtirokidan ko‘zlangan asosiy maqsad – zamonaviy O‘zbekiston qiyofasi, mamlakatda kechayotgan islohotlar, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot, muhim investitsiyaviy imkoniyatlar, madaniy-tarixiy meros va sayyohlik salohiyatini namoyish etishdir. Shuningdek, bu tashqi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, istiqbolli tarmoqlarga investitsiyalarni jalb etish, turistik oqimlarni ko‘paytirish, ilmiy va madaniy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatni jahon hamjamiyatiga yanada integratsiyalashtirishga albatta yordam beradi.
Ko‘rgazma faoliyati doirasida mamlakatimizning merosi, madaniyati va salohiyati bilan tanishtiruvchi qator tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, 27-noyabrda Dubay operasi sahnasida «Lazgi – qalb va muhabbat raqsi» baletining premerasi taqdim etildi. 29-noyabrda «Jamiyat ijtimoiy hayotini zamonaviylashda xotin-qizlarning o‘rni» mavzusida O‘zbekiston sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 30-noyabrda mashhur o‘zbek pianinochisi Behzod Abduraimov Jubilee Park EXPO 2020 sahnasida yirik xalqaro auditoriyasiga o‘z mahoratini namoyish etdi.
EXPO 2020 DUBAI Butunjahon ko‘rgazmasi 2022-yil 31-martgacha davom etadi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.