2022-yil 15-fevralda «Ekspo 2020» xalqaro ko‘rgazmasida (Dubay, BAA) O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida «Uzbekistan GTL» kompaniyasi vakillari ExxonMobil (AQSh) delegatsiyasi bilan biznes-uchrashuv o‘tkazdi.
«ExxonMobil» jahon energetika bozorining ortib borayotgan talabini qondirish uchun texnologik yutuqlar va innovatsiyalarni qo‘llaydigan dunyodagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya sanoatdagi eng yirik ishlab chiqarish resurslariga ega va neft mahsulotlari va neft-kimyo mahsulotlarini qayta ishlash, ishlab chiqarish va marketingi bo‘yicha dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biridir.
Uchrashuvda GTL zavodida ishlab chiqariladigan va neft kimyo sanoati uchun qimmatli xomashyo hisoblangan sintetik neftdan API tasnifi (Amerika neft instituti) III+ guruhidagi sintetik moylar ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bugungi kunda sintetik moylar ekspluatatsion hususiyatlari bo‘yicha mineral moylarga nisbatan sezilarli ustunlikka ega va shuning uchun ularga talab har yili ortib bormoqda.
«ExxonMobil» vakillari mazkur loyihani amalga oshirish jarayonini birgalikda batafsil o‘rganishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar, va bu boradagi keyingi qadamlar belgilanib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi GTL zavodi negizida 100 ming tonnagacha sintetik moylar ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu kelajakda respublikada yuqori sifatli motor moylarini to‘laqonli ishlab chiqarishni yaratish imkonini beradi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.