Eyfel minorasi kapital ta’mirga muhtoj

    Parijdagi Eyfel minorasi zang bosgan va kapital ta’mirga muhtoj.

    XIX oxirida Gyustav Eyfel tomonidan qurilgan 324 metr balandlikdagi minora dunyodagi eng mashhur turistik ob’yektlardan biri bo‘lib, har yili olti millionga yaqin sayyohni qabul qiladi.

    Biroq, ekspertlarning xulosalari yodgorlikning ayanchli ahvolda ekani va zang bilan qoplanganidan guvohlik bermoqda.

    Fransiyaning Marianne jurnalida chop etilgan xabarga ko‘ra, diqqatga sazovor joyni ta’mirlash o‘rniga u Fransiyada bo‘lib o‘tadigan 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari oldidan 60 million yevroga kosmetik jihatdan bo‘yaladi.

    “Hammasi oddiy, agar Gyustav Eyfel bu yerga tashrif buyurganida, u yurak xurujiga uchragan bo‘lardi”, deyiladi xabarda.

    Fransuz nashrining yozishicha, minoraning 30 foizga yaqini tozalanishi, so‘ngra ikki qavatli yangi bo‘yoq qatlami bilan qoplanishi kerak edi. Biroq, COVID-19 pandemiyasi tufayli ish kechikdi va eski bo‘yoqda qo‘rg‘oshin mavjudligi sababli minoraning faqat 5 foizi qayta ishlandi, deb yozadi Reuters axborot agentligi.