“Uyda barcha tillarda” — “Van Alle Talen Thuis” loyihasi Niderlandiyada 0-12 yoshdagi turli millat vakillaridan tashkil topgan yosh kitobxonlarni o‘qishga qiziqtirish, odobga chaqirish, qiziqarli, jozibali hikoyalarni qidirib topishni ko‘zda tutadi. Eyndhoven Niderlandiyaning turli millat vakillari istiqomat qiladigan yirik shaharlaridan biri. 500 mingdan ortiq aholisi mavjud bu shaharda bolajonlar o‘z ona tillaridagi kitoblarni uylariga olib ketishlari va oilalari bilan o‘qishlari mumkin.
Loyiha doirasida berilgan tavsiyalardan foydalangan holda o‘zbek tilida nashr etilgan bolalar kitoblari ro‘yxatini yaratishim kerak bo‘ldi. Har bir adabiyot uchun kutubxonaning kompyuter tizimiga kiritilishi kerak bo‘lgan (muallif, yosh guruhi, narxi, kitoblarni Niderlandiyaga buyurtma qilish saytlarini topish kabi) ma’lumotlarni to‘ldirishga to‘g‘ri keldi. Kichik yoshdagi bolalar uchun kattiq muqovali, suratli, o‘smirlar o‘qishi mumkin bo‘lgan oddiy matnli kitoblar (ba’zan rasmlari bilan) talab etildi. Tavsiyaga ko‘ra adabiyotlarning asl nusxasi o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar tomonidan yozilgan yuqori sifatli, zamonaviy kitoblar (yoki abadiy klassiklar) bo‘lishi kerak. Ko‘p tilli to‘plamlar kutubxonaning rasmiy qarashlari va to‘plamlar rejasiga mos kelishi muhim edi. Bu esa inklyuziv va turli millatlar o‘rtasida bog‘lanishni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.
2024 yilning 5 sentyabr kuni “Van Alle Talen Thuis” loyihasi doirasida ekspertlar tomonidan har xil davlatlardan keltirilgan kitoblarni kutubxonaga topshirish taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha doirasida Eyndhoven shahridagi ko‘plab maktab va bog‘chalarga turli tillardagi, jumladan, turk, polyak, somali, xitoy, rus, nemis, fransuz, ukrain, ingliz va o‘zbek tillaridagi kitoblar yetkazib berildi. Taqdimotda ekspertlar tomonidan ko‘p millatli Eyndhoven shahriga ota-onalar uchun ham o‘z ona tillarida kitoblarni keltirish taklifi bildirildi. Kitob o‘qiydigan ota-ona farzandlariga yaxshi o‘rnak bo‘lib, o‘qishga bo‘lgan muhabbatini oshirishga yordam beradi.
“Vatandoshlar” jamoat fondining
Eyndhovendagi volontyori
Gulbahor Jalilova