Ko'chat ekish, uni parvarishlash, atrof-muhitni tozalash, umuman, tabiatdan oqilona foydalanish hamda unga ijobiy munosabatda bo'lish o'zbek xalqiga xos ezgu an'ana hisoblanadi. Ushbu an'analarning ildizi bevosita zardushtiylik ta'limotining borliq haqidagi falsafiy-diniy g'oyalariga borib taqaladi. Xalqning milliy xususiyatlariga singib ketgan “Avesto” kitobidagi g'oyalarda tabiatga muqaddas bir borliq sifatida qaralib, ilohiylik nuqtai nazardan munosabatda bo'linadi.

Chunonchi, tabiatning asosini tashkil etgan to'rt unsur – suv, olov, tuproq va havo ifloslantirilmagan, bebaho borliq ne'mati sifatida qadrlangan. Ushbu falsafiy yondashuv keyinchalik islom dinining asosini tashkil etib, hamisha bunyodkorlikka chorlab kelgan. Zero, muqaddas manbalardagi suvga axlat tashlamaslik, havoni bulg'amaslik, tuproqni ifloslantirmaslik kabi ezgu g'oyalar necha asrlar o'tsa hamki, o'z ma'naviy qiymatini yo'qotgan emas.

Bu xususda joriy yilning 2 fevralida Prezidentimiz raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo'yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tgan edi. Unda Prezidentimiz “Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan...” deb ta'kidlagan edilar. Davlat rahbari tomonidan tabiatni asrash borasida ilgari surilgan ulkan ezgu g'oya zamirida yashil makon bo'lgan tabiatni sof holda saqlash, asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yaratuvchanlik asnosida go'zal holda etkazishga qaratilgan chorlov yotadi.

Darhaqiqat, ko'chat ekish, bog' yaratish insonni yuksaltiradi, uning manfaatli natijasi esa, egasiga cheksiz yaxshiliklar keltiradi. Shu jihatdan, milliy jihatlarimizning go'zal amaliy ifodasi sifatida bog' yaratish, umuman yaratuvchanlik bilan yashash qon-qonimizga singib ketgan azaliy qadriyat bo'lganini yaqin yillar davomida ko'rishimiz mumkin. Xalq orasida dasturulamalga aylangan “ertaga qiyomat bo'ladi, deyishsa ham ko'chat o'tkazing”, degan hadis asosida ota-bobolarimiz yashab, ana shunday tuyg'u bilan amaliy faoliyat olib borganlar.

Shu o'rinda hayotiy bir misolni keltirib o'tmoqchiman. Mahallamizda Hamro bobo (Alloh rahmat qilsin) degan bir mehnatsevar inson bo'lar edi. Biz yoshlar boboning zahmatli mehnatini ko'rib ulg'ayganmiz. Ular hamisha mehnat qilib, ona er taftidan nafas olib, umri dalada o'tgan bag'rikeng, mehnatsevar inson edi. Ammo hech qachon o'sha insonni norozi qiyofada ko'rmaganmiz, hamisha o'z ishiga sidqidildan yondashardi. To'g'rirog'i, qilayotgan ishi Hamro boboga zavq bag'ishlar edi. Hamro boboni atrofdagilarga bir olam yaxshilik, bunyodkorlik ulasha oladigan inson, deb bilardi va hamisha hurmat qilardi. Biz yoshlar ham o'sha insonni ko'rsak, qalbimizda mehr uyg'onardi.

Yoshligimda ko'chat ekish va uning savobidan umidvorlik bilan bog'liq bir hikoyani eshitganman. Unda keksa bir otaxonning zavq bilan bog' yaratayotganligi va yo'ldan o'tayotgan podshohning bog'bon harakatidan hayratlanib, yaratgan bog'i qachon hosil berishi-yu, qari holida uning hosilidan bahramand bo'lolmasligini aytishi keltirilgan. O'sha rivoyatda keksa otaxon “men bahramand bo'lolmasam-da, ammo inson va er yuzida qimirlagan har bir jon borki, shu bog' hosilini totsa, bog'bon haqqiga duo bo'lib boradi”, deb aytgan ibratli so'zlari Hamro boboni yodimga solgandi. O'shanda hikoya qahramoni go'yo Hamro bobo qiyofasida gavdalangan edi. Mehnatsevar Hamro bobo turli mevali daraxtlarga ega bo'lgan katta bir bog', atirgulning turli navlari ekilgan gulzor qoldirdi. Bugun shu bog' qanchadan qancha insonlarga manfaat keltiryapti, qimirlagan jon borki, uning hosilidan bahramand bo'lyapti. Hamro bobodek mehnatsevar insonlar bugun oramizda bor. Ular hayotidan bugungi avlod ibrat olgan holda faoliyat yuritishi lozim.

Tabiat muhofazasi, atrof-muhit tozaligiga e'tiborning go'zal namunasi sifatida hashar ishlarining kamayib borayotganini tilga olish mumkin. Bejiz, ota-bobolarimiz hashar marosimi bilan bog'liq ezgu an'anani mavsumiy tarzda o'tkazib kelishmagan. Bu orqali insonlarning atrof-muhitga, tabiatga nisbatan ijobiy munosabatini yanada mustahkamlash barobarida insonlar o'rtasida hamjihatlik, birdamlik, o'zaro hurmat, mehr-oqibatlilik kabi yuksak fazilatlari ham shakllangan. Bu kabi tabiat bilan bog'liq go'zal an'analarimizdan bo'lgan go'dak tug'ilgach, unga atab nihol ekish yoki yangi kelin-kuyov qo'sha qarib, bir joyda ko'karib, serfarzand bo'lishi uchun daraxt o'tkazish kabi odatlar yaxshilikka targ'ib etish maqsadida bajarib kelingan. Ammo, afsuski, bugun biroz tabiatdan uzoqlashgandekmiz, nazarimda. Chunki texnika rivojlangan asrda tabiatdan chekinyapmiz. Xalq orasida azal-azaldan bajarib kelingan tabiat muhofazasi bilan bog'liq milliy an'analarimiz yo'qolib bormoqda.

Bu borada, davlatimiz rahbari “Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo'qolib ketdi. Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko'chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo'yishdan erinadigan bo'lib qoldi...”, deb afsus bilan ta'kidlab o'tdilar.

Darhaqiqat, bugun keng ko'lamli islohotlar olib borilayotgan ekan, bor kuch-g'ayratimizni “yashil makon” bo'lgan tabiatni yanada yashnatishga, imkon qadar yaratuvchanlikka sarf qilishimiz lozim. Albatta, tabiatni asrash, muhofaza qilishga har birimiz mas'ulmiz. Tabiatdagi har bir narsa, ya'ni nabodot va hayvonot olami faqat inson uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, munosabat ham ijobiy bo'lishi shart. Davlat rahbari ilgari surgan ezgu va xayrli g'oya atrofida birlashib, hamjihatlikda harakat qilishimiz lozim. Zero, tabiat va undagi tabiiy resurslar inson uchun berilgan omonatdir. Bu omonatni asrash va himoyalash har bir insonning burchidir.

Lola AZIMOVA,

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti